Kirish
So'nggi yillarda respublikamizda olib borilayotgang keng ko'lamli islohotlarning asosiy negizlaridan biri - bu ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo'lib, bunda aholimiz, ayniqsa yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol inson bo'lib yetishishini ta'minlashdan iborat. Albatta, kelajagimiz poydevori bo'lgan bugungi davr yoshlarining har tomonlama bilimli, kasbiy mahorati yuksak, intellektual salohiyati yuqori bo'lishida barcha sohalar qatori barobarida ta'lim muassasalari o'ziga xos ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bugungi globallashuv sharoitida ularni har qanday mafkuraviy tahdidlardan xalos qilish, “fikrga qarshi fikr, g'oyaga qarshi g'oya, jaholatga qarshi ma'rifat” tamoyili asosida tafakkurida mafkuraviy immunitetni shakllantirish, bo'layotgan voqea-hodisalarga erkin fikr bildira oladigan, kerak bo'lsa tahlil qila oladigan darajada ulg'aytirishga erishishdir. Zero, yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganining 24 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidlaganidek: “Biz ta'lim va tarbiya tizimining barcha bo'g'inlari faoliyatini bugungi zamon talablari asosida takomillashtirishni o'zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz. Yosh avlod tarbiyasi haqida gapirganda, Abdurauf Fitrat bobomizning mana bu fikrlariga har birimiz, ayniqsa, endi hayotga kirib kelayotgan o'g'il-qizlarimiz amal qilishlarini men juda-juda istardim. Mana, ulug' ajdodimiz nima deb yozganlar: “Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo'lishi, baxtli bo'lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo'lishi yoki zaif bo'lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e'tibordan qolib, o'zgalarga tobe va qul, asir bo'lishi ularning o'z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog'liq”. Darhaqiqat, yoshlarning ilm dargohlarida o'z madaniyati, aql-zakovati, yurish-turishi, qanday xislatlarga ega ekanligi oilada olgan tarbiyasining ifodasidir. Ta'lim tizimi esa ana shu fazilatlar takomiliga ko'mak beradi. Oliy ta'lim muassasasining asosiy maqsadi - ma'naviy-ma'rifiy ishlarni takomillashtirgan holda, yoshlarimizni tartib qoidalarga rioya qiladigan, kattalarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom, keksalarni ulug'lash ruhida tarbiyalaydigan tadbirlar ko'lamini kengaytirishdan iborat bo'lmog'i zarur.
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan talablar
"Ta'lim to'g'risida", "O'zbekiston Respublikasida Yoshlarga oid davlat siyosati"to'g'risidagi Qonunlar, O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksiga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oliy ta'lim tizimini takomillashtirishga yo'naltirilgan qarorlari, farmoyishlari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999 yil 14 iyun 746-tartib raqami bilan ro'yxatga olingan "Korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari", O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim Vazirligining "Oliy ta'lim muassasasining Odob-axloq qoidalari", "Oliy ta'lim muassasining namunaviy ichki tartib qoidalari" hamda O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining "Sog'liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot davolash-profilaktika hamda oliy va o'rta maxsus ta'lim muasassalari, tashkilot, korxonalar xodim va talabalarning tibbiy deontologiyasi va madaniyati to'g'risida"gi Nizomlar muvofiq ishlab chiqilgan.
Oliy ta'lim muassasasiga xos tavsiyalar:
a) oliy ta'lim muassasalarida sog‘lom ijtimoiy – ma'naviy muhitni shakllantirish va uni mustahkamlashning eng ustuvor yo‘nalishi sifatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida oliygoh rahbariyati tomonidan professor-o‘qituvchilar, talabalar, fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish va mavjud muammolarning o‘z vaqtida bartaraf etilishi lozim.
b) professor-o‘qituvchilarga nisbatan: jamoada o‘zaro hurmat, kiyinish madaniyatiga rioya qilish ( OTMda barcha professor-o‘qituvchilar oq xalatda yurishi), ma'naviy-ma'rifiy sog‘lom muhitni shakllantirish va rivojlantirish, pedagogik faoliyatni takomillashtirish, talabalarga boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda munosabatda bo‘lishni va barcha qoidalardan to‘g‘ri va oqilona foydalanishni;
v) talabalarga (keyingi o‘rinlarda matnda – ta'lim oluvchilar deb yuritiladi) nisbatan: ma'naviy-ma'rifiy jamoaviy ishlarda faol ishtirok etish, professor-o‘qituvchilarga hurmatda bo‘lish, murabbiylar ko‘rsatmalariga rioya qilish, belgilangan tartibdagi tahsil olish, kiyinish madaniyati (oq xalat va qalpoqcha) qoidalariga amal qilishni tartibga soladigan tavsiyaviy xarakterdagi hujjat hisoblanadi.
Tavsiyalarga amal qilish ish beruvchi, xodim hamda ta'lim oluvchilar uchun majburiy hisoblanadi, ularga rioya qilmaslik tavsiyalar bo‘limlaridagi qoidalar qonunchilikka muvofiq bo‘lsa intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Oliy ta'lim muassasasi jamoa a'zolari o‘rtasida o‘zaro hurmatga doir tavsiyalar:
- oliy ta'lim muassasasi jamoasi avvalo yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishi nuqtayi nazaridan faoliyatini davom ettirish;
- oliy ta'lim muassasasi xodimlarning ma'muriyatga (rektor, prorektorlar, dekanlar, dekan muovinlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va shunga xos rahbarlar) nisbatan subordinatsion munosabatda bo‘lish;
- oliy ta'lim muassasasi jamoa a'zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri va asosli qabul qilish. Tavsiyaviy xarakterdagi tanqidiy fikrlardan xulosalar chiqarish, tanqid qilayotgan xodimning zarur va kerakli tavsiyalariga rioya qilish;
- jamoa a'zosining so‘z erkinligi ta'minlangiligi nuqtayi nazaridan, birovga tuhmat qilish, uni haqorat qilish, o‘zaro munosabatlarda behayo so‘zlardan foydalanish huquqini kafolatlamaydi;
- oliy ta'lim muassasasi jamoasida murojaat madaniyat darajasida bo‘lishi o‘zaro munosabatni mustahkamlab beradi. Rasmiy murojaatlar- rahbarga, yetakchi mutaxassisga, ta'lim beruvchi ustozga murojaat etilayotganda belgilangan tartib asosida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Norasmiy murojaatlarda ham asosan – ishonchlilik, do‘stona va samimiy munosabat ustuvor ahamiyatga ega.
- oliy ta'lim muassasasi jamoasining suhbatlashish etiketida ma'naviy-ma'rifiy muhitni mustahkamlashdagi asosiy tamoyil hisoblanadi (Suhbatlashishning ham o‘ziga xos tavsiyaviy qoidalari mavjud. Suhbatdoshga og‘ir botadigan, xafa qiladigan, noqulay vaziyatga solib qo‘yadigan, gapirishni xoxlamaydigan mavzu bo‘yicha suhbatlashish mumkin emas. Suhbat chog‘ida jamoa a'zosi o‘z “men” ini markaziy joyga qo‘ymasligi muhim sanaladi. Suhbatda asosiy mezon kamtar bo‘lish. O‘zining fikrini o‘qtirishdan oldin, uyalib qolmasligi uchun suhbatdoshining ijtimoiy kelib chiqishi, shaxs sifatida, aytilayotgan masala yuzasidan qanday ma'lumotga ega ekanligini bilib olgandan so‘ng suhbatga kirishish. Suhbatdoshni hurmat qilishga o‘rganish, hatto uni fikrini noto‘g‘ri deb bilsa ham oxirigicha eshitish);
- oliy ta'lim muassasasi jamoasi o‘rtasida o‘zaro hurmat belgilaridan biri-nutqdir. Nutq ma'noli, dona – dona, ta'sirchan bo‘lishini unutmaslik. Nutqda jargon so‘zlarni qo‘llamaslik. Ba'zida xodimlar jargon so‘zlarni haqorat deb qabul qilishining oldini olish. Muhim fikrlarga urg‘u berish va imo – ishorani o‘rnida qo‘llash. Haddan tashqari baland ovozda nutq so‘zlash, tinglovchilarga o‘z hukmini o‘tkazyapti degan taassurot qoldiradi.
Jamoa a'zosining sha'ni va qadr- qimmati hurmat qilinishi hamda xalqimizning ma'naviy merosini avaylab asrash maqsadida jamoa a'zolari bir-biriga nisbatan hurmatsizlik qilishi, behayo so‘zlar ishlatishi qat'iy taqiqlanadi hamda oliy ta'lim muassasasida o‘zaro “Siz” deb murojaat qilish odat tusiga kirishi lozim.
Oliy ta'lim muassasasi jamoa a'zolari turli tadbirlarda (majlislar, tantanali yig‘ilishlar, amaliy uchrashuvlar, bayramlarda) so‘zga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, maishiy tinchlikka rioya etishi shart. Zarurat taqozo etsa, bir notiq o‘z so‘zini tugatib, boshqasi so‘z boshlashiga qadar yuzaga keladigan uzilish vaqtida zaldan chiqib ketish mumkin.
Jamoa a'zolari oliy ta'lim muassasasi hududida yo‘lning o‘ng tomonidan yurishlari kerak. Tepa qavat chiqayotganda asosiy zinadan va pastga tushayotganda qo‘shimcha zinadan tushish talab etiladi.
Bir-biriga duch kelganda albatta salomlashishlari, bunda: talabalar professor-o‘qituvchilar va xodimlarga, erkaklar xotin-qizlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi. Bundan qo‘l berib so‘rashish istisno bo‘lib, yoshi katta shaxslar birinchi bo‘lib qo‘l uzatganidan keyingina unga javoban qo‘l uzatish mumkin. OTM hududida quchoqlashib, o‘pishib salomlashish taqiqlanadi.
O‘quv mashg‘ulotlariga va ishga hamda jamoa a'zolarining osoyishtaligiga halaqit beradigan xatti-harakatlar (radiopriyomnik, televizor, magnitofon va boshqa ovoz kuchaytirish vositalaridan maqsadsiz foydalanish) sodir etish taqiqlanadi.
Oliy ta'lim muassasasida har qanday huquqbuzarlik sodir etish ta'qiqlanadi, shu jumladan, pora olish, pora berish, vositachilik qilish, tuhmat qilish, haqorat qilish, jamoa a'zosiga ma'naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma'lumotni tarqatish, tan jarohati yetkazish, fuqarolik muomalasidan chiqarilgan vositalarga oid munosabatlarga kirishish (giyohvand moddalar, psixotropik vositalar, sigaret va hokazo), ichkilikbozlik, kashandalik, maishiy tinchlikka tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘ynash qat'iyan man etiladi.
Oliy ta'lim muassasasi jamoasida talabalar muhim bo‘g‘in bo‘lganligi bois, ularning o‘zaro munosabati muhim ahamiyatga ega. Talabalarning o‘zaro munosabatlarida –– yagona jamoa, o‘zaro hurmat va e'tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillari amal qilishi lozim. Talabalar munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish, shaxsiyatini kamsitish, o‘zganing intelektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish, o‘zgalarga ma'naviy, moddiy yoki jismoniy ziyon yetkazish qat'iyan man etiladi. Ma'muriyat, professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlar, o‘zaro hurmat, ahillik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, g‘amho‘rlik va adolat tamoyillariga asoslanadi.
Aksessuarlar (sumka, ko‘zoynak va bezaklar) ham korporativ uslubga mos holda tanlanishi, ortiqcha bezaklardan xoli bo‘lishi, zargarlik taqinchoqlari (zirak, uzuk, munchoq va boshqalar) ko‘zga yaqqol tashlanmaydigan, nozik, nafis va sipo shaklda did bilan taqilishi lozim. Sochlar orasta yig‘ilgan, o‘rilgan yoki turmaklangan, ortiqcha aksessuarlardan xoli bo‘lishi kerak. Maxsus formalar oq xalat va oq qalpoqlar va shunga monand bosh kiyim toza, tekis, tizzadan pastda turishi, yengi uzun (faslga qarab), klassik uslubda, chet el va turli xil firma yorliqlaridan xoli bo‘lishi lozim.
Ustki kiyimning turlari – bichimi klassik shakldagi kostyum, shim, ko‘ylak hamda galstukdan iborat. Kostyum va shimlar qora, kulrang, ko‘k ranglardagi sidirg‘a yoki chiziqli matolardan, ko‘ylaklar esa ochiq ranglarda (oq, kulrang, ko‘k) bo‘lishi lozim. Galstukning kengligi o‘rtacha, uzunligi kamargacha bo‘lib, rangi kostyum va ko‘ylakka mos tanlanishi kerak. Talaba yigitlar talabaga mos, ruchka, qalam, kitob, daftarlar solib yurish mumkin bo‘lgan, rangi ustki kiyimga yarashimli qora, kulrang, jigar rangdagi sumka-portfellar tutishlari lozim.
Oliy ta'lim muassasasida murabbiylik faoliyati yuzasidan tavsiyalar
Institutda har bir munosabat (hatto buyumlarga nisbatan ham) tartib qoidalar asosida amalga oshirilishi nuqtai nazaridan, barcha tegishli umumiy tavsiyalar qat'iy ravishda ta'minlanishi lozim. Milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos bo'lmagan yoki OTMning ichki muammolariga taaluqli masalalarni Internet tarmog'iga joylashtirish yoki undan turli maqsadlar yo'lida foydalanish taqiqlanadi. Kompьyuterlarda OTMga tegishli bo'lmagan ma'lumotlarni, shuningdek, turli kinofilьmlar, noqonuniy diniy ma'lumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ'ib qiluvchi har qanday materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish va targ'ib etish qat'iyan man etiladi.
Ta'lim-tarbiya jarayonlarini olib borishda guruh murabbiylari faoliyatiga barcha jamoa birdek ko'mak berishi lozim. Guruh murabbiyi biriktirilgan guruh a'zolari haqida umumiy ma'lumotga ega bo'lishi, ularni mashg'ulotlarda ishtirok etishi, o'zlashtirishiga mas'ul hisoblanadi. Institut rahbariyati tomonidan quyiladigan talabalar guruh murabbiyi tomonidan guruhga yetkazilishi talab etiladi.
Professor-o'qituvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari
- odob-axloq qoidalariga rioya qilishda talabalarga namuna bo'lish;
- oliy ta'lim muassasasi manfaatlariga zid bo'lgan xatti-harakatlardan o'zlarini tiyish;
- biror – bir noxush voqea yoki hodisa ro'y bersa, zudlik bilan u haqida
ma'muriyatga xabar berish;
- oliy ta'lim muassasasi sha'ni va nufuziga dog' tushiradigan har qanday holatlarning oldini olish;
- yoshlar orasida sog'lom turmush tarzini qaror toptirish;
- oliy ta'lim muassasasi to'g'risidagi axborotlardan uning manfaatlari va obro'siga ziyon yetkazish uchun yoki o'z manfaatlari yo'lida foydalanmaslik;
- dars jarayonida talabalarga odob-axloqqa oid milliy an'analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni targ'ib qilish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo'lgan diniy ekstremistik ta'sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borish;
- oliy ta'lim muassasasida sog'lom ma'naviy-ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish, tarbiyaviy ishlarda faol qatnashish va amalga oshirishga mas'ul hisoblanadi;
- ta'lim oluvchilarni ma'naviy-ahloqiy tarbiyalashning va ma'rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqishga ko'maklashish.
Talabalarning odob-axloqqa oid majburiyatlari:
1. Oliy ta’lim muassasasi hududida:
- hududga kirish va chiqishda registratorga yuzini ko'rsatib kirish;
- sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda tibbiy niqoblarni taqish;
- hududni ifloslantirmaslik va chiqindilarni faqat joylardagi urnalarga tashlash;
- ustozlar va institut xududidagi notanish bo'lgan katta yoshdagi insonlarga duch kelganda salom berish;
- o'quv mashg'ulotlari vaqtida hududda sababsiz yurmaslik;
- oliy ta’lim muassasasi mulki (ko'char va ko'chmas mulki, o'simlik va hayvonot dunyosi va hokazolar) ga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish, mavjud shart-sharoitlardan oqilona, elektr energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish;
- kiyinish: oq xalat va oq kalpoqcha va o'zaro suhbat odoblariga rioya qilish;
- mutasaddilarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini osmaslik;
- maishiy tinchlikka rioya qilish;
- pora berish, korrupsiyaga vositachilik qilish, firibgarlik yo'libilan insonlarga moddiy va ma’naviy zarar yetkazish qat’iyan ta’qiqlanadi;
- narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlar iste’mol qilinishi hamda tarqatilishiga qarshi kurashish. O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq yuqoridagi holatlar haqida tegishli tashkilotlarga o'z vaqtida xabar bermaslik javobgarlikka sabab bo'lishi alohida qayd etiladi.
2. Auditoriyada:
- mashg'ulotlarga qizlar sochlarini turmaklagan holda belgilangan tartibda, yigitlar soqollari olingan holda orasta kiyimda oq xalat va qalpoqchada farmatsevt deontologiyasi talablariga rioya qilgan holda bo'lishlari;
- uyali aloqa vositalarini o'chirib qo'yishi (professor-o'qituvchi va talabalar);
- dars vaqtida gaplashmaslik;
- jihozlarga madaniy munosabatda bo'lish, partalarga yozmaslik;
- qog'oz va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketmaslik;
- ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik va auditoriyadag tozalikka rioya qilish talab etiladi.
3. Umumiy ovqatlanish joylarida:
- taomlarni olishda navbat tartibiga rioya qilish;
- tirbandlik holatida ustozlar, ayollar, yoshi kattalarga hurmat ko'rsatish;
- ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik va baland ovozda gapirmaslik;
- umumiy ovqatlanish shahobchasida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish.
4. Axborot resurs markazida:
- ARM xodimlari bilan hushmuomalada bo'lish;
- kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish;
- baland ovozda so'zlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslik;
- qog'oz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslik;
- kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.
5. Talabalar ijarada turar joylarida:
- mavjud jihozlarni asrash, ularga zarar yetkazmaslik;
- elektr-energiyasi, gaz va suv resurslaridan tejamkorona (oqilona) foydalanish;
- sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish;
- uy egalari talablariga rioya qilish.
6. Madaniyat saroyi va boshqa ommaviy tadbirlar o'tkazish joylarida:
- o'rindiq va boshqa jihozlarga nisbatan madaniy munosabatda bo'lish;
- ommaviy tadbirlar vaqtida hushtak chalmaslik, baqirmaslik, tadbir tugashidan oldin sababsiz chiqib ketmaslik;
- uxlab o'tirmaslik, o'rindiqlarga yotib olmaslik, bir-biri bilan gaplashmaslik, yon atrofdagilarga xalaqit bermaslik.
Shuningdek:
- turli davralarda o'zining namunaviy xulqi va bilimi bilan oliy ta’lim muassasasi haqida yuksak ijobiy taassurot hosil qilishga intilish;
- doimo komillikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglash;
- oliy ta’lim muassasasi manfaati, uning sha’ni va shonli an’analari, obro'si hamda nufuzi to'g'risida qayg'urish, ularni saqlab qolishga jonkuyarlik qilish va ularga hurmat bilan munosabatda bo'lishi kerak.
Professor-o'qituvchi va talabalar odob-axloqida man etiladigan holatlar
1. Professor-o'qituvchiga:
- jamoa a'zolarining shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish, o'zgalarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilish;
- jamoa a'zolari va boshqalar ustidan turli ig'vo, g'iybat va bo'htonlar uyushtirish;
- talabalar bilan o'z hamkasabalarining kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilish;
- talabalarni asossiz o'quv mashg'ulotlardan chiqarib yuborish;
- o'quv mashg'ulotlarida tijorat reklamasi o'tkazish;
- o'quv mashg'ulotlarida diniy tashviqot olib borish;
- o'quv mashg'ulotlariga mast, soch-soqol olinmagan va kiyinish tartibiga rioya qilmagan holda kelish;
- bino ichida spirtli ichimliklar ichish va chekish kabilar qat'iyan man etiladi.
2. Talabaga:
- professor-o'qituvchilarga qo'pollik qilish, mashg'ulotlar vaqtida asossiz gapirish;
- professor-o'qituvchi bilan boshqalarning bahosini muhokama qilish;
- yolg'on gapirish, g'irromlik yoki professor-o'qituvchilarni chalg'itish bilan bog'liq har qanday xatti-harakatlar qilish;
- xodimlar va o'z o'rtoqlariga nisbatan hurmatsizlik qilish;
- yozma ishlarni himoya qilish va reyting nazoratiga doir boshqa tartib taomillarni bajarish vaqtida chetdan yordam olish, o'zgalarga yordam ko'rsatish;
- boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o'z nomidan topshirish;
- mashg'ulotlarni o'tkazib yuborish yoki kechikib kelish;
- mashg'ulotlar vaqtida professor-o'qituvchining ruxsatisiz auditoriyadan chiqib ketish;
- boshqa talabaning sa'y-harakatlariga qasddan ziyon yetkazish;
- moddiy jihatdan yaxshi ta'minlanganligini turli yo'llar bilan ko'z-ko'z qilish qat'iyan man etiladi.