Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida xalqaro hamkorlikning yana bir yorqin sahifasi!

 

Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti hamda O‘sh davlat universiteti (O‘shDU) tarkibidagi tibbiyot fakulteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amaliy ishlar boshlanib, ilk samarali natijalarini berdi.

Mazkur kelishuv asosida O‘sh davlat universitetining bir guruh talabalari ilmiy rahbarlari boshchiligida bir hafta davomida institutiimizda amaliyot o‘tashdi. Bu davr mobaynida talabalar nazariy bilimlarini mustahkamlash, zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ishlash, mutaxassislar bilan tajriba almashish imkoniga ega bo‘lishdi.

Amaliyot jarayonlari haqidagi qiziqarli lavhalar va yangiliklar telegram kanalimiz orqali yoritib borildi va keng jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi.

13-fevral kuni amaliyot rasman yakuniga yetdi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu nafaqat hujjat, balki ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ramziga aylandi.

Institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sh.Z. Umarova ilk hamkorlik tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlab, mehmonlarning tashrifidan mamnunligini bildirdi. O‘z navbatida, mehmon talabalar va ularning ilmiy rahbarlari amaliyot davomida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, yaratilgan shart-sharoitlar va samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etishdi.

Mazkur amaliy hamkorlik — ikki qo‘shni davlat yoshlarini ilm-fan yo‘lida yanada yaqinlashtirgan muhim qadam bo‘ldi. Ishonamizki, bu kabi tashabbuslar kelgusida yanada kengayib, qo‘shma loyihalar, ilmiy tadqiqotlar va talabalar almashinuvi dasturlari bilan davom etadi.
Hamkorlik — taraqqiyot sari ishonchli qadam!

🎓 TA’LIM  TADQIQOTGA, TADQIQOT TARAQQIYOTGA  YETAKLAYDI!