"Farmatsevtika sohasi muntazam malaka oshirib borishni talab qiladi"

 

Ta'lim yo'nalishi: "Farmatsevtika sohasi muntazam malaka oshirib borishni talab qiladi"
 
Daraja: Malaka oshirish
 
Yaqinda poytaxtimizning Yunusobod dahasida o'z faoliyatini boshlagan Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutining Malaka oshirish va qayta tayyorlash Markazi 3 oyda 500 dan ziyod farmatsevt mutaxassislarning malakasini oshirishga muvaffaq bo'ldi.  Ushbu salmoqli ko'rsatkich Markazning puxta fundamental texnik ilmiy bazasi, keng imkoniyatlari, resurslari, yuqori malakali professor-o'qituvchilarga ega ekanligidan dalolat beradi.
Markaz direktori,  farmatsevtika fanlari doktori, professor Iskandarova Shohista Fexruzovna bilan ushbu o'quv maskani tinglovchilarini qabul qilish shartlari, o'qitish yo'nalishlari va  tartibi hamda mutaxassislarga muhim jihatlari haqida suhbatlashdik.    
 
Savol: Hozirda Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida samarali faoliyat yuritayotgan Malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi qachon o'z ishini boshlagan?
 
Shohista Iskandarova: Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida Farmatsevt kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi 2021 yilning noyabr oyida tashkil etildi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan № 015112 raqamli kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyati uchun tasdiqnoma berildi. Noyabr oyida markaz o'z faoliyatini boshladi.
 
Savol: Har qanday taklif, ilm-fan yo'nalishidagi loyihalar ham talabdan kelib chiqadi. FTTIda farmatsevt kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga qanday ehtiyoj bor deb o'ylaysiz?
 
Shohista Iskandarova:  Ma’lumki, farmatsevtika sohasi har kuni o'z ustida  ishlashni va muntazam malaka oshirib borishni talab qiladi. Dori vositalar bo'yicha ma’lumotlar bazasi har yili o'rtacha 15% yangilanib boradi. O'zbekiston Respublikasi  Prezidentining “Tibbiyot va farmatsevtika ta’lim va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 2019 yil 6-may PQ-4310 qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda farmatsevtika sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan raqobatbardosh nodavlat ta’lim xizmatlari ko'rsatilishini yanada rivojlantirish maqsadida ushbu markaz faoliyat olib bormoqda.       
 
Savol: Bu markazning mavjud boshqa qayta tayyorlash markazlardan farqi nimada? Tashkilot o'z oldiga qanday vazifalarni qo'ygan?
 
Shohista Iskandarova: Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti Malaka oshirish va qayta tayyorlash Markazida, nafaqat farmatsevt kadrlarni malakasini oshirish, balki respublikada ilk bor biotexnologiya, metrologiya, standartlash va mahsulot sifati menejmenti hamda dorivor o'simliklarni parvarish qilish texnologiyasi (agroekologiya) kabi mutaxassislarni qayta tayyorlash kurslari uchun  kerakli jihozlar tayyorlandi va barcha me’yoriy hujjatlar ishlab chiqib tasdiqlandi va nihoyat, 2022 yil yanvar oyidan boshlab  mazkur kurslarda o'qitish boshlandi.
 
Savol: Bu yerda qanday yo'nalishlarda malaka oshirish mumkin? Kursning davomiyligi va narxi haqida malumot bersangiz.
 
Shohista Iskandarova: FTTIning Malaka oshirish Markazida  quyidagi yo'nalishlar bo'yicha malaka oshirish va qayta tayyorlov kurslari mavjud:
 
1. Dorixona muassasalari iqtisodiyoti va farmatsiyadagi dolzarb muammolar – 144 soatlik umumiy malaka oshirish kurslari;
 
2. Farmatsevtika amaliyoti dolzarb mavzulari – 144 soatlik umumiy malaka oshirish kurslari;
 
3. Yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) milliy talablariga muvofiq farmatsevtika korxonalarida sifatni ta’minlash – 144 soatlik umumiy malaka oshirish kurslari;
 
4. Dorixonalarda dori vositalarini tayyorlash jarayonini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish – 36 soatlik qisqa muddatli malaka oshirish kurslari;
 
5. Farmatsevtika bozorida marketing strategiyasi va taktikasi – 36 soatlik qisqa muddatli malaka oshirish kurslari;
 
6. Farmakoiqtisodiyot (ilmiy adabiyotlarni tizimli tahlil usullari) – 36 soatlik qisqa muddatli malaka oshirish kurslari;
 
7. Farmatsiya ta’lim yo'nalishi bo'yicha qayta tayyorlov kurslari (biotexnologiya, sanoat farmatsiyasi, metrologiya, standartlash va mahsulot sifati hamda dorivor o'simliklarni parvarish qilish texnologiyasi (agroekologiya) yo'nalishlari bitiruvchilari uchun).
 
Markazimizda hozirgi kunda tinglovchilar uchun eng imtiyozli narxlar belgilangan.
 
Savol: Bir vaqtning o'zida markaz qancha tinglovchini o'qita oladi?
 
Shohista Iskandarova: Markazda bir vaqtni o'zida 200 dan ziyod tinglovchi tahsil olishi uchun sharoitlar yaratilgan.
 
Savol: Samarali malaka oshirishda professor-o'qituvchilar salohiyati va yaratilgan sharoitlar muhim ahamiyat kasb etadi. Markazning fundamental ilmiy bazasi va resurslari haqida nima deya olasiz?
 
Shohista Iskandarova: Malaka oshirish ta’lim jarayoniga fan va amaliyotning salohiyatli professor-o'qituvchilari, farmatsevtikaning yetakchi mutaxassislari jalb qilingan bo'lib, tinglovchilar  sohaga oid eng so'nggi ma’lumotlarga ega bo'ladilar. Masalan: tinglovchilar  real amaliyotlar sharoitida farmatsevtik texnologiyaga, farmatsevtika ishini tashkil qilish, farmakologiya va boshqa modullar bo'yicha  eng yangi ma’lumotlarni innovatsion texnologiyalar asosida oladilar.
 
Markazda farmatsevtika sohasida yetarli tajribaga ega salohiyatli ustozlar - Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti ilmiy maslahatchisi, professor Yunusxodjayev Ahmad Nigmanovich, Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligining direktor maslahatchisi, dots.nt Ibragimova Muhabbat Yaxyoyevna, Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligining litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi boshlig'i, farmatsevtika fanlari nomzodi Zufarova Gulnora Xayrullayevna, Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti professori Zaynutdinov Xikmatilla Sunnatovich, Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti Malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi direktori, professor Iskandarova Shohista Fexruzovna va boshqalar mashg'ulotlarni olib borishmoqda.
 
Savol: Malaka oshirish darslari onlayn tashkil etiladimi yoki offlayn?
 
Shohista Iskandarova: Biz tinglovchilarni imkoniyatlaridan kelib chiqib, har ikki turdagi malaka oshirish darslarini taklif qilamiz. O'qish turini ularning o'zi tanlaydi. Masalan: 16 fevraldan boshlanayotgan kurs mavjud epidemiologik ahvol va  tinglovchilarning xohishiga ko'ra onlayn tarzda bo'lishi rejalashtirildi.
 
Savol: Kurs yakunlangach, mutaxassislarga qanday hujjat beriladi?
 
Shohista Iskandarova: Kurs yakunida tinglovchilar uchun malaka oshirganliklari to'g'risida  O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunadagi sertifikat beriladi. Ushbu sertifikat mutaxassislarga farmatsevtika sohasida 5 yil faoliyat yuritish imkonini beradi.
 
Savol:  Bugungi kunga qadar markazda nechta mutaxassis malaka oshirdi?
 
Markaz faoliyatini boshlaganiga yaqinda 3 oy bo'ladi. Ana shu qisqa davr ichida  500 dan ziyod mutaxassislar o'z malakasini  oshirishga muvaffaq bo'lishdi. Ulardan tashakkurnoma va minnatdorchilik xatlari kelib turibdi. 
 
Savol: Markazning kelgusi faoliyatidagi rejalari haqida so'zlab bersangiz.
 
Shohista Iskandarova: Markazimiz mutaxassislari doimiy izlanishda desam, sira mubolag'a bo'lmaydi. Biz malaka oshirish kurslariga tashrif buyurgan tinglovchilardagi mavjud muammolarning yechimini topishga, qolaversa ularning kelgusi faoliyatlarini samarali tashkil qilish bo'yicha imkoniyatlarimizni takomillashtirib bormoqdamiz. Kelgusida rivojlangan davlatlardan farmatsevtika sohasining yetakchi mutaxassislarini ta’lim jarayoniga jalb qilish va xalqimizga namunaviy farmatsevtik xizmat ko'rsatish qobiliyatiga ega mutaxassislarni tayyorlash niyatidamiz.
 
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Markazning kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tilayman.
 
 Shohista Iskandarova: Rahmat!
 
 
 
Murojat uchun telefonlar:  
 
☎ (97) 137-00-50
 
☎ (99) 803-28-82
 
☎ (97) 138-00-50