Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi

 

2026 yil 22 iyun kuni Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida «Farmatsevtik kimyo va zamonaviy kimyoviy tadqiqot usullarining integratsiyasi: innovatsiyalar, texnologiyalar va amaliy yondashuvlar» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Anjuman Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti tashabbusi bilan tashkil etildi hamda unda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, olimlari, ilmiy tadqiqotchilari, doktorantlari va talabalari ishtirok etdilar.
Jumladan, Xitoy fan va texnologiyalar instituti, Kursk davlat tibbiyot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, S.Yu. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti hamda «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti vakillari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Anjumanning asosiy maqsadi farmasevtik kimyo sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, zamonaviy analitik, fizik va biokimyoviy usullarni farmasevtik tadqiqotlarga integratsiya qilish, yangi dori vositalarini yaratishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash hamda ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha muhokamalar olib borildi:
noorganik kimyo, kompleks birikmalar kimyosi va ular asosidagi dori vositalari sintezi;
analitik kimyo va dori vositalarini tadqiq etishning zamonaviy usullari;
organik va bioorganik kimyo, tabiiy birikmalar asosidagi dori vositalari;
fizik kimyo, kolloid kimyo, polimerlar kimyosi va plazma kimyosi.
Anjuman gibrid formatda — oflayn va onlayn tarzda tashkil etildi. Shu’ba yig‘ilishlarida mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan 20 ta ilmiy ma’ruza taqdim etildi.
Anjumanga kelib tushgan mahalliy va xorijiy mualliflarning tezislari tahrir hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, 111 ta ilmiy tezis nashr uchun tavsiya etildi.
Tantanali ochilish marosimida Farmasevtika ta’lim va tadqiqot instituti rektori, professor A.F. Dusmatov hamda Kursk davlat tibbiyot universiteti dotsenti O.A. Yeleskaya ishtirok etib, anjuman qatnashchilarini qutladilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z tashkilotlarida qo‘llanilayotgan zamonaviy ilmiy tadqiqot usullari va laboratoriya imkoniyatlari haqida ma’lumot berish bilan birga, kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar bildirdilar.
Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan quyidagi taklif va qarorlar qabul qilindi:
ilmiy tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan integratsiyasini yanada kuchaytirish;
tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalarning ilmiy ishlari samaradorligini oshirish hamda ularni ustuvor ilmiy yo‘nalishlarga yo‘naltirish;
fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarida faol ishtirok etish;
ilmiy natijalarni xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli jurnallarda nashr etish, shuningdek, intellektual mulk ob’ektlarini patentlash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash.
Mazkur anjuman ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, farmasevtik kimyo sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy maydon sifatida yuqori baholandi.