ZAMONAVIY FARMATSIYA: TADQIQOT, AMALIYOT VA NATIJALAR

 

I Respublika ilmiy-amaliy anjumani


Joriy yilning 24-oktabr sanasida Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida ilk bor “Zamonaviy farmatsiya: tadqiqot, amaliyot va natijalar” mavzusidagi  I Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston farmatsevtika sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ilmiy muassasalar va oliy ta’lim tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. 
Tadbir an’anaga ko‘ra mehmonlarni ro‘yxatga olish jarayonlari bilan boshlandi. Dastlabki qismda ishtirokchilar farmatsevtika sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, ilmiy izlanishlarning amaliy ahamiyati hamda innovatsion loyihalarning natijalari haqida fikr almashdilar.
Mazkur anjuman yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar uchun o‘z ilmiy ishlanmalarini namoyish etish, tajriba almashish hamda farmatsevtika sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Tadbir davomida ma’ruza va taqdimotlar, ilmiy muhokamalar hamda amaliy natijalarga bag‘ishlangan seksiyalar tashkil etildi. 
Anjumanni ZOOM platformasi orqali butun mamlakat va xorijdan kuzatuvchilar ham onlayn tarzda kuzatib turdilar. Jumladan, Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universiteti rektori, kimyo fanlari doktori Filatov Sergey Nikolaevich anjuman qatnashchilarini qutlab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
Mazkur anjuman doirasida ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yangi loyihalar va g‘oyalarni muhokama qilish, shuningdek, zamonaviy farmasevtika yo‘nalishidagi innovatsion tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Anjumanning asosiy maqsadi — farmatsevtika sohasida ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, dorivor vositalar ishlab chiqish va ularni standartlashtirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirishdan iboratdir.
Shuningdek, tadbir farmatsevtika ta’limi sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.