Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot instituti talabalarining xalqaro amaliyotlarda ishtirok etishi — akademik mobillik sari muhim qadam
Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot institutida talabalarning xorijda amaliyot o'tashlari, rivojlangan mamlakatlar tajribasini o'rganishlari va xalqaro akademik muhitda bilim va ko'nikmalarini mustahkamlashlariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Akademik mobillik — talabalar uchun yangi bilimlar va amaliy ko'nikmalar olish bilan birga, mintaqalar va ta'lim muassasalari o'rtasida samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish, ijtimoiy-madaniy yaqinlashuvni ta'minlashning muhim omili hisoblanadi. Bunday dasturlar orqali yosh mutaxassislar dunyoqarashini kengaytiradi, mustaqil fikrlash, erkin mulohaza bildirish va turli muhitda erkin faoliyat olib borish salohiyatini shakllantiradi.
Shu maqsadda, joriy yilning 15 sentabr kuni institutimizning «Davolash ishi» yo'nalishi bo'yicha 2–3-bosqich talabalari tibbiyot fanlari nomzodi, tibbiy biologiya kafedrasi dotsenti G'ofurov Nemat Nozirovich rahbarligida Qozog'iston Respublikasi S.D. Asfendiyarov nomidagi Qozog'iston Milliy tibbiyot universitetiga akademik mobillik doirasida yetib bordilar va bir hafta davomida amaliyot o'tash imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Talabalarni qabul qilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Ular ShOM-1 fakulteti dekani Izmaylova S.X., dekan o'rinbosari Tagirova R.T., hamda kimyo kafedrasi dotsentlari Karlova E.K. va Begimova G.U. tomonidan tantanali ravishda kutib olindi. Bunday samimiy qabul talabalarning yangi muhitga tez moslashishida ijobiy ahamiyat kasb etdi.
Tibbiyot muassasasi bilan tunishuv universitet tarixi muzeyi faoliyati bilan boshlandi.
Ekskursiya davomida muzey rahbari — yuz-jag' jarrohi, sobiq stomatologiya kafedrasi mudiri B.F. Amantayev talabalarga universitetning tashkil topishi (1930 yil), uning asoschisi S.D. Asfendiyarovning (1889–1938) fojiali taqdiri (1938 yilda "xalq dushmani" sifatida qatag'on qilinib, otib tashlangan) haqida batafsil ma'lumot berdi.
Navbatdagi manzil — Klinik anatomiya kafedrasi!
Talabalarimiz ushbu kafedraning auditoriyalari, rezidentlar xonasi va zamonaviy jihozlari bilan yaqindan tanishishdi.
Kafedra mudiri, hurmatli professor K.B. Abdikerimova ularni o'quv jarayoni, amaliyot imkoniyatlari va anatomiya fanining zamonaviy yondashuvlari bilan tanishtirdi.
Qozog'istondagi amaliyot jarayoni davomida talabalarimiz tabiat qo'ynidagi mashhur Medeo tog' maydoniga ham sayohat qilishdi.
Medeo tog'larining hayratlanarli manzaralari, toza havosi va atrof-muhitning sofligi sayohatchilarimizda katta taasurot qoldirdi.
S.J. Asfendiyarov nomidagi Qozog'iston Milliy Tibbiyot Universitetining Gistologiya kafedrasi jamoasi ham talabalarimizni iliq kutib olishdi. Talabalarimiz kafedraning o'quv-ilmiy faoliyati, auditoriyalari va zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan yaqindan tanishishdi. Tanishuv davomida kafedra mudiri professor M.J. Yergazina talabalarga fanning ahamiyati, o'quv jarayonlari va kelgusi amaliy mashg'ulotlar haqida ma'lumot berdi.
Talabalarimiz S.J. Asfendiyarov nomidagi Qozog'iston Milliy Tibbiy Universitetining “Normal Physiology” kafedrasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldilar.
Kafedra professori Nurmagambetova M.O. tomonidan talabalarimizga kafedra tarixi, asosiy yo'nalishlari hamda o'quv-ilmiy jarayonlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Amaliy mashg'ulotlar doirasida Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot institutining talabalari 1930-yilda tashkil etilgan S.J. Asfendiyarov nomidagi Qozog'iston Milliy Tibbiyot Universitetining "Normal anatomiya" kafedrasi bilan tanishdilar.
Tashrif davomida tibbiyot fanlari doktori, professor T.S. Dosayev talabalarga kafedraning tarixi, ilmiy va o'quv-amaliy faoliyati haqida atroflicha ma'lumot berdi.
Shuningdek, professor T.S. Dosayev "Anatomiya fanining ochilmagan qirralari" mavzusida ilmiy va ilhomlantiruvchi ma'ruza o'qib berdi. Ushbu ma'ruza talabalarda fanga bo'lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Amaliyot davomida, universitetning asosiy klinik bazalaridan biri bo'lgan Ichki Kasalliklar va Kardiologiya Ilmiy Tekshirish Institutiga ham tashrif buyurishdi.
Amaliyot yakunida, Universitetning 1-umumiy tibbiyot maktabi dekani tomonidan talabalarimizga sertifikatlar topshirildi. Bu holat amaliyotning natijalarini tan olish va kelgusi professional faoliyatlariga muvaffaqiyat tilashning muhim bosqichi bo'ldi.
Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot instituti talabalarining xalqaro amaliyotlardagi faol ishtiroki, ularning zamonaviy bilimlar bilan qurollanishiga, ilmiy-tadqiqot ishlariga bo'lgan qiziqishlarining ortirishga hamda xalqaro hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.