Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida III xalqaro ishtirok bilan Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

2026-yil 26-iyun kuni Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida "XXI-asr farmakologiyasi: fundamental tadqiqotlardan klinik amaliyotgacha" mavzusidagi III xalqaro ishtirok bilan Respublika ilmiy-amaliy anjumani muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Anjuman Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari vakillari hamda xorijiy hamkor universitetlar professor-o‘qituvchilari, olimlar, doktorantlar va magistrantlar ishtirok etdi.
Xalqaro ishtirokchilar safida Pokistonning Muhammad Ali Jinnah University qoshidagi Center for Genome Research ilmiy markazi professori Dr. Kamran Azim va Dr. Atif Mustafa o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya va Tojikistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari vakillari ilmiy ma’ruzalari va tezislari bilan anjuman ishida faol ishtirok etdi.
Respublikamizning Toshkent farmatsevtika instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy institutlar, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Urganch davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti hamda boshqa qator oliy ta’lim va ilmiy muassasalar vakillari ham anjuman ishida qatnashdi.
Anjuman farmakologiya va farmatsevtika sohasidagi dolzarb ilmiy yo‘nalishlarni muhokama qilish, yangi biologik faol birikmalarni aniqlash, ularning ta’sir mexanizmlarini o‘rganish, dori vositalarini yaratishning zamonaviy texnologiyalari, farmakokinetik va farmakodinamik modellashtirish, klinik sinovlar samaradorligi va xavfsizligini oshirish, farmakogenomika hamda shaxsga yo‘naltirilgan davolashning istiqbolli yo‘nalishlarini ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilishga bag‘ishlandi.
Anjuman gibrid formatda – an’anaviy va onlayn shaklda tashkil etildi. Jami 50 ta mahalliy va xorijiy ilmiy tezis qabul qilinib, 34 ta ilmiy ma’ruza tinglandi. Ma’ruzalar O‘zbekiston, Qozog‘iston va Pokistonning davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislari tomonidan taqdim etildi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti rektori, farmatsevtika fanlari doktori, professor Aziz Fayzamatovich Dusmatov ishtirok etib, ishtirokchilarni samimiy qutladi hamda anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Anjuman davomida tadqiqotchilar, yosh olimlar va ilmiy rahbarlar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda farmakologiya sohasidagi eng so‘nggi ilmiy yutuqlarni muhokama qilish uchun samarali muloqot maydoni yaratildi.
Yakunda sho‘ba rahbarlarining takliflari asosida kelgusidagi anjumanlarda xorijiy ilmiy muassasalar ishtirokini kengaytirish, institut professor-o‘qituvchilarining ilmiy faolligini yanada oshirish hamda farmatsevtika sanoati vakillari va Markaziy Osiyo farmakologlar hamda klinik farmakologlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mazkur anjuman farmakologiya va farmatsevtika yo‘nalishida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy platforma sifatida o‘z ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.