Farmatsevt bo‘lish nega bugun har qachongidan ham nufuzli?
Bugun O‘zbekistonda farmatsevtika sohasi iqtisodiyot va sog‘liqni saqlash tizimining eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Yangi Farmatsevtika korxonalari, zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy markazlar va innovatsion klasterlar tashkil etilayotgani sohaga bo‘lgan ehtiyojni tobora oshirmoqda.
Biroq har qanday zamonaviy texnologiya ortida bilimli inson turadi. Shu bois bugun mamlakatimizda malakali Farmatsevtlar, texnologlar, tahlilchi-mutaxassislar va ilmiy tadqiqotchilarga bo‘lgan talab yuqori.
Farmatsevt — bu shunchaki dorixona xodimi emas. U dori vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, sifatini nazorat qilish va aholiga xavfsiz yetkazib berish jarayonlarining muhim ishtirokchisidir. Boshqacha aytganda, har bir shifobaxsh dori ortida Farmatsevtning bilimi va mehnati mujassam.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmi ortib, Farmatsevtika sanoati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu esa sohada faoliyat yuritadigan yuqori malakali kadrlarga ehtiyojni yanada kuchaytirmoqda. Bugun bilimli va zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro mehnat bozorida ham talabgir kadrlar hisoblanadi.
Farmatsevtika sohasining yana bir muhim jihati shundaki, bu kasb egalari o‘z bilim va malakasini doimiy ravishda boyitib borish orqali munosib kasbiy o‘sishga erishadi. Ilmli, tashabbuskor va mehnatsevar mutaxassis uchun sohada keng imkoniyatlar, barqaror ish o‘rni va munosib daromad manbalari mavjud.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Farmatsevt bo‘lish — bu faqat diplom olish emas, balki kelajagi porloq, jamiyat uchun muhim va intellektual salohiyatni talab qiladigan kasbni tanlash demakdir.
Kelajak Farmatsevtlari qaerda tayyorlanadi?
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti ana shunday yuksak maqsadlarni ko‘zlagan yoshlarni zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan qurollantirmoqda. Institutda ta’lim jarayoni ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy laboratoriyalar, amaliyot bazalari va sohaning yetakchi mutaxassislari tajribasi bilan uyg‘unlashtirilgan.
Bu yerda talabalar nafaqat nazariy bilim oladi, balki kelajakda Farmatsevtika sanoati, ilmiy markazlar, laboratoriyalar va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan amaliy tajribani ham qo‘lga kiritadilar.
Bugun institut talabasi bo‘lgan yosh — ertaga yangi dori vositasini yaratadigan olim, insonlar salomatligini muhofaza qiladigan mutaxassis yoki mamlakat Farmatsevtika sanoatini rivojlantiradigan yetakchi kadr bo‘lishi mumkin.