FTTI VA O‘SH DAVLAT UNIVERSITETI O‘RTASIDAGI HAMKORLIK DOIRASIDA TALABALAR TASHRIFI AMALGA OSHIRILDI
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti hamda Qirg‘iziston Respublikasidagi yetakchi tibbiy ta’lim markazlaridan biri — O‘sh davlat universiteti (O‘shDU) tarkibidagi tibbiyot fakulteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amaliy hamkorlik tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur memorandum talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, shu maqsadda bugun O‘sh davlat universitetining bir guruh talabalari ilmiy rahbarlari boshchiligida Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutiga tashrif buyurdilar.
Tashrif avvalida mehmonlar institut bo‘ylab ekskursiya qilib, ta’lim jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv va ilmiy infratuzilma bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar bilan samarali muloqotlar uyushtirildi.
Tashrif doirasida O‘shDU talabalari uchun bir hafta davomida Tibbiy biologik fanlar kafedrasi mutaxassislari tomonidan mavzuli ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ushbu tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.