📚 Ma’rifat – jamiyat ma’naviy yuksalishining poydevori

 

📚Ma’rifat — jamiyatni ma’naviy yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim omil, insonlarni birlashtiradigan umuminsoniy va milliy qadriyatlar manbaidir. Shu bois so‘nggi uch yil davomida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va ijodiy uchrashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Shu kabi navbatdagi tadbir joriy yilning 15-oktabr sanasida Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida institut mehmonlari sifatida taniqli shoir va yozuvchi O‘ktam Mirzayor, shoira Mumtoz Shahobiddin (Gulchehra Ibrohimova) hamda filolog-olima, adabiyotshunos Gulnoza Sattorova tashrif buyurdilar.

Mehmonlarni institut prorektorlari Sh.Z. Umarova va Q.Q. Ismoilov samimiy tarzda kutib oldilar. Suhbat bir piyola choy ustida o‘tib, institut faoliyati, ta’lim jarayonlari, ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek, yoshlar bilan olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirning asosiy qismi talabalar bilan bo‘lgan uchrashuvga bag‘ishlandi. Adabiyotimiz arboblari o‘z ijodiy faoliyatlari, adabiyotning inson kamolotiga ta’siri va yoshlar ma’naviyatidagi o‘rni haqida qiziqarli fikr va mulohazalar bilan o‘rtoqlashdilar. Uchrashuv davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga javoblar, she’riy o‘qishlar va ilhomli suhbatlar tadbirga samimiy ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasida avvalgi mehmonlar tomonidan ekilgan, institut uchun esdalik ramziga aylangan daraxtlar qatoriga yana bir archa ko‘chati qo‘shildi. Bu esa tadbirning ma’naviy ahamiyatiga yanada ko‘proq mazmun bag‘ishladi.
Mehmonlar shu kuni institut hamkorlik olib borayotgan Yunusobod tumanidagi 258-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan ham uchrashuv o‘tkazdilar.
Bunday ma’rifiy tadbirlar talabalarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish, ularni ilmiy-ijodiy izlanishlarga ruhlantirish, shu bilan birga milliy qadriyatlar va ma’naviy merosimizga bo‘lgan hurmatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

🎓TA’LIM – TADQIQOTGA, TADQIQOT – TARAQQIYOTGA YETAKLAYDI!