"Ustozlar — yurt faxri, millat iftixori!"
Jamiyat taraqqiyoti va ravnaqi, avvalo, yosh avlod tarbiyasiga bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida, ustoz va murabbiylar zimmasiga beqiyos mas’uliyat yuklaydi. Shu bois ham xalqimiz bejizga: "Ustozi ulug‘ yurt — kelajagi porloq yurt", deb bekorga aytmagan.
Ertaga — barcha ustoz va murabbiylarimiz uchun eng ardoqli bayram! Bu ulug‘ kunga tayyorgarlik allaqachon boshlangan, ko‘ngillarda esa haqiqiy bayram kayfiyati hukm surmoqda.
Bugun Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti jamoasi ham o‘zining sevimli kasb bayramini ko‘tarinki ruhda nishonladi. Institut faollar zalida o‘tkazilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, mehnat fidoyilari jam bo‘lishdi.
Tantanali tadbirni institut ta’sischisi, farmatsevtika fanlari doktori, professor A.N. Yunusxo‘jaev ochib berdi. U o‘z nutqida barcha ustoz va murabbiylarni samimiy qutlar ekan, ularning oliyjanob mehnatini alohida e’tirof etdi. Shu kuni bir guruh pedagoglarga esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi.
Shuningdek, institut kasaba uyushmasi tomonidan tayyorlangan go‘zal guldastalar va bayram sovg‘alari ham ustozlarga bayramning go‘zal bir tuhfasi bo‘ldi.
Tadbirning rasmiy qismi yakunlangach, sahnaga sevimli xonanda Umida Mirhamidova taklif etildi. Uning ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.
Bayramga o‘zlariga xos tarzda ko‘rk bag‘ishlash uchun iqtidorli talabalar ham sahnaga chiqib, she’rlar o‘qishdi, qo‘shiqlar kuylashdi va o‘z ijod namunalarini taqdim etishdi.
Bugun bayram, bugun — ustozlarni ulug‘lash kuni! Qadrli ustozlar, bayramingiz muborak bo‘lsin!