So‘nggi paytlarda Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutiga xorijiy hamkasblarimiz tomonidan qiziqish tobora ortib bormoqda.

 
 Buni kecha, 2025 yil 26 sentabr kuni yuz bergan muhim tashrif yana bir bor tasdiqladi.

Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Nankin shahrida joylashgan Xitoy Farmatsevtika Universiteti vakillari institutimizga rasmiy tashrif buyurishdi. Mehmonlar institut ta’sischisi A.N. Yunusxo‘jaev rahbarligidagi rahbariyat tomonidan iliq va samimiy kutib olindi.

Uchrashuv davomida har ikki tomon o‘z ta’lim muassasalari faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va ilmiy izlanishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, taqdimot videoroliklari namoyish etildi va qator masalalar bo‘yicha qizg‘in fikr almashildi.
Tadbirning asosiy qismi — ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘ldi. Bu hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar va mezbonlar esdalik sovg‘alari almashishdi. Rasmiy qismdan so‘ng delegatsiya a’zolari institutning o‘quv binolari, zamonaviy laboratoriya va texnik bazasi bilan yaqindan tanishishdi, shuningdek, professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ushbu tashrif kelgusida talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.