28-iyul Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti uchun tarixiy va hayajonli kun bo‘ldi.

 

Shu kuni bitiruvchilarimiz uchinchi bor magistrlik  unvoniga sazovor bo‘lishgan bo‘lsa, bakalavriyat bosqichida ilk qaldirg‘ochlarimiz uchirma bo‘ldi. 

2021-yilda katta orzu umidlar bilan talaba bo‘lgan bakalavr bosqichi “Sanoat farmatsiyasi” yo‘nalishi talabalari bitiruv kechasiga yig‘ilishdi. 

To‘rt yil tarix uchun qisqa davr. Ammo, yangi ochilgan ta’lim maskani uchun poydevor qo‘yish, o‘z mavqeyini mustahkamlash, oldinga qo‘yilgan rejalarni amalga oshirish uchun eng murakkab va ma’suliyatli davr. Va albatta ilk qaldirg‘ochlar bu institutning faxri, yuzi. Aynan ularning malakali mutaxassis bo‘ib yetishishi, sohada tanilishi institut mavqeyini belgilab beradi. 
Ularning zimmalarida “institut tashrif qog‘ozi” bo‘lishdek ma’suliyatli vazifa yuklangan.
Bugun ana shu bitiruvchilarimizga  diplomlar topshirildi. 
“Bitiruvchi Qaldirg‘ochlar” deb nomlangan ushbu bayramona tadbir institut jamoasi, faxriy ustozlar, bitiruvchilarning ota-onalari, oila a’zolari hamda ko‘plab mehmonlar ishtirokida yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda taniqli san’atkorlarning ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, talabalar va ustozlarning samimiy  tilaklari  tadbirga yanada yanada fayz  berdi. Bitiruvchilar esa  o‘z ustozlariga chuqur minnatdorlik bildirib, olgan bilimlarini yurt taraqqiyotiga xizmat qildirishga va’da berdilar. 

Tadbirda Yunusobod tumani hokimi Abduvaliev Bahodir Abdulxaevich, institut faxriy professorlari, ilmiy-pedagogik jamoa a’zolari ishtirok etib, bitiruvchilarni tabrikladilar va ularning kelgusidagi faoliyatlariga omad tiladilar.

Bitiruv kechasi tantanasini institut ta’sischisi, farmatsevtika fanlari doktori, professor Ahmadxo‘ja Nig‘monovich Yunusxo‘jaev ochib berdi va bitiruvchilardan umidlari katta ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. 

Kechaning tantanali qismi tugagach, bitiruvchilarni tabriklash uchun tashrif buyurgan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish qilindi. Sho‘x qo‘shiqlar raqslarga ulanib, kecha yanada fayzli o‘tdi. 

Bugungi bitiruvchilar — ertangi yetuk mutaxassislar, fidoyi farmatsevtlar, olimlar va jamiyatimizning tayanchi bo‘lajak avloddir. Ularning har birlariga  institutimiz sha’nini yuksak darajada himoya qilishlari  va  o'z kasblarini  yetuk  mutaxassislari  bo'lishllariga ishonch  bildirib  qolamiz 

Hurmatli bitiruvchilar! Sizlarni chin dildan muborakbod etamiz. Kelgusi faoliyatingizda omad, mustahkam iroda va katta zafarlar yor bo‘lsin!