FTTI VAKILLARI XALQARO ILMIY KONFERENSIYADA ISHTIROK ETIB, ILMIY HAMKORLIKNI KENGAYTIRDI

 

Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti Farmakologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori S.A. Saidov hamda kafedra dotsenti Z.U. Usmanova joriy yilning 18–20 noyabr kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etdilar.  
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy fanlar akademiyasida akademik Izbasar Rahimbaevich Rahimbaev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan «O‘simliklar biologiyasi va biotexnologiyasidagi zamonaviy yutuqlar» (MAPBB 2026) xalqaro ilmiy konferensiyasi o‘simliklar biologiyasi, biotexnologiya va farmasevtika sohalaridagi dolzarb ilmiy izlanishlar, zamonaviy yondashuvlar hamda xalqaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim ilmiy muloqot maydoni bo‘ldi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Farmakologiya kafedrasi mudiri, t.f.d. S.A. Saidov tabrik so‘zi bilan ishtirok etib, ilmiy anjumanning ahamiyati, fanlararo hamkorlikni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etishning muhimligiga e’tibor qaratdi.
Anjuman doirasida Qozog‘iston, Rossiya, Chexiya, Turkiya, Hindiston va Markaziy Osiyoning yetakchi ilmiy markazlari vakillari tomonidan o‘simliklar biotexnologiyasi, genomikasi, biologik faol moddalarni o‘rganish hamda ulardan samarali foydalanishning zamonaviy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.
Konferensiyaning «O‘simliklar fiziologiyasi, biokimyosi va biotexnologiyasi» sho‘basida dotsent Z.U. Usmanova tomonidan «Перспективы практического применения Lactuca serriola L. как источника биологически активных соединений» mavzusida ilmiy ma’ruza taqdim etildi. Tibbiyot fanlari doktori S.A. Saidov hammuallifligida tayyorlangan mazkur tadqiqot ishida Lactuca serriola L. o‘simligining biologik faol birikmalar manbai sifatidagi istiqbollari va uning amaliy ahamiyati yoritildi.
Ilmiy ma’ruza konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otib, mavzu yuzasidan qizg‘in savol-javob va fikr almashinuviga sabab bo‘ldi.
Tashrif davomida FTTI vakillari Olmaotadagi O‘simliklar biologiyasi va biotexnologiyasi instituti, Qozog‘iston Milliy biotexnologiya markazi hamda boshqa xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Muloqotlar jarayonida dorivor o‘simliklar tarkibidan biologik faol moddalarni ajratib olish, ularning xususiyatlarini o‘rganish va standartlashtirish bo‘yicha ilmiy tajriba hamda tadqiqot natijalari almashildi.
Uchrashuvlar yakunida kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, hammualliflikda ilmiy maqolalar tayyorlash va tadqiqotlar sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi
Mazkur xalqaro ilmiy anjumanda institut vakillarining munosib ishtiroki, ilmiy ma’ruza bilan chiqish qilishi va xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik istiqbollarini belgilab olishi Farmasevtika ta’lim va tadqiqot institutining xalqaro ilmiy aloqalarini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini namoyon etish hamda farmakologiya va dorivor o‘simliklar yo‘nalishidagi tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.