PREZIDENT MAKTUBI — YOSH AVLOD UCHUN HAYOTIY SABOQ VA MA’NAVIY DASTUR
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nabirasiga yo‘llagan maktubi aks etgan videorolik namoyish etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlarni maktubda ilgari surilgan ezgu g‘oyalar, hayotiy qarashlar va tarbiyaviy xulosalar bilan yaqindan tanishtirish, ularda ma’naviy-axloqiy fazilatlarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Videorolik namoyishidan so‘ng institut maslahatchisi Z. Obilov maktubning mazmun-mohiyati, unda aks etgan fikrlarning chuqur ma’nosi va yosh avlod kamolotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Jumladan, yoshlarda bilim olishga intilish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, milliy qadriyatlarga hurmat, ota-onaga ehtirom, Vatanga sadoqat va yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish kabi masalalarga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, uchrashuv davomida talabalarga har bir insonning hayotda o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishi, vaqtning qadriga yetishi, bilim va izlanish orqali yuksak marralarni zabt etishi muhimligi ta’kidlandi.
Bunday ma’rifiy tadbirlar talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni ezgu maqsadlar sari ruhlantirish hamda jamiyat oldidagi mas’uliyatini yanada chuqurroq anglashlariga xizmat qiladi.