TALABALIKKA BAG'ISHLOV: EZGU NIYATLAR VA YUKSAK MAS'ULIYAT TIMSOLI
11-noyabr kuni Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirokida birinchi bosqich talabalarining Talabalik qasamyodini qabul qilishiga bag‘ishlangan “Talabalikka bag‘ishlov” nomli tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O'zbek milliy akademik drama teatrida o'tkazildi.
Tadbirni institut asoschisi, ta’sischisi va ilmiy maslahatchisi, farmatsevtika fanlari doktori, professor Ahmadxo‘ja Nig‘monovich Yunusxo‘jayev samimiy tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng institut rektori, professor Aziz Fayzamatovich Dusmatov so‘zga chiqib, talabalikning inson hayotidagi o‘rni, bilim olish, izlanish va kelajakdagi kasbiy mas’uliyat haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi hamda yoshlarga ezgu tilaklarini izhor etdi.
Tadbir davomida institut jamoasining fidoyi mehnati, ta’lim va yoshlar tarbiyasiga qo‘shayotgan munosib hissasi e’tirof etilib, bir qator ustozlarimizning yutuqlari alohida qutlandi.
Jumladan, institutning 1-prorektori, farmatsevtika fanlari nomzodi, professor Shaxnoz Ziyatovna Umarova hamda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Kamoliddin Qurultoyevich Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Tantanali marosim badiiy chiqishlar bilan davom etdi. Talabalar tomonidan she’rlar yoddan o‘qildi. Nuriddinova Dilfuza, Aktamov Humoyun va Hamroqulov Aziz ijrosidagi qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Nihoyat, tadbirning eng hayajonli va unutilmas lahzalari boshlandi. Birinchi bosqich talabalari tantanali ravishda Talabalik qasamyodini qabul qildilar. Ular a’lo baholarga o‘qish, tanlagan mutaxassisliklarini puxta egallash, bilim va salohiyatlarini muntazam oshirib borish hamda kelajakda xalq salomatligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga va’da berdilar.
Talabalik qasamyodi — bu shunchaki tantanali marosim emas, balki yoshlar zimmasiga yuklanayotgan ulkan mas’uliyat, ezgu maqsadlar va kelajak sari qo‘yilgan dadil qadamning ramzidir.
Tadbirning rasmiy qismi yakunlangach, O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasi tomonidan “Behalovat koshona” spektakli namoyish etildi.
Shu tariqa, “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri nafaqat yangi hayot bosqichiga qadam qo‘yayotgan talabalar uchun unutilmas taassurotlar, balki ularga yuksak mas’uliyat, faxr va kelajakka ishonch tuyg‘ularini baxsh etgan mazmunli bayramga aylandi.