FARMATSEVTIKA TA’LIM VA TADQIQOT INSTITUTIDA “MA’RIFAT ULASHIB”
FARMATSEVTIKA TA’LIM VA TADQIQOT INSTITUTIDA
“MA’RIFAT ULASHIB” LOYIHASI DOIRASIDA IJODKORLAR BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida “Adabiyot — qalb ma’rifati, so‘z — ma’naviyat ko‘zgusi” mavzusida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Unda taniqli ijodkorlar —
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ova,
“Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira Munavvara Usmonova hamda
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari a’zosi,
“Shuhrat” medali sohibi Habib Siddiq ishtirok etdi.
Institut rahbariyati mehmonlarni samimiy kutib oldi. Dastlab ijodkorlar institut rektori, professor Aziz Fayzamatovich Dusmatov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sh.Z. Umarova hamda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor K.K. Ismoilov bilan bir piyola choy ustida suhbat qurishdi. Samimiy muloqot davomida adabiyot, ma’naviyat, sog‘lom turmush tarzi va hayotiy tajribalarga oid fikrlar almashildi. Xususan, Muhtarama Ulug‘ova tabiat ne’matlaridan oqilona foydalanish orqali salomatlikni mustahkamlash borasidagi shaxsiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning tavsiyalari suhbat ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida ijodkorlar Yunusobod tumanidagi 258-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘lib, pedagoglar va o‘quvchilar bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida ta’lim va tarbiyaning inson hayotidagi beqiyos o‘rni, bilim olishga intilish, ezgu maqsadlar sari dadil qadam tashlash hamda hayotda o‘z o‘rnini topish masalalari haqida so‘z yuritildi. Ijodkorlar hayotiy voqealar va shaxsiy tajribalari orqali yoshlarga qimmatli o‘gitlar berdilar.
Ma’rifiy uchrashuv institut faollar zalida davom etdi. Talabalar bilan muloqot davomida mehmonlar adabiyot va ijodning inson ma’naviy olamini boyitishdagi ahamiyati, kitobxonlik madaniyati hamda yosh avlodning ma’naviy kamolotida badiiy so‘zning o‘rni haqida fikr bildirdilar. Shuningdek, bo‘lajak mutaxassislar tanlagan kasbning naqadar mas’uliyatli va sharafli ekaniga alohida urg‘u berildi.
Shoira Munavvara Usmonova o‘z oilasi, xususan, tabib bo‘lgan otasi haqida so‘zlab, inson salomatligini asrash va bemorlarga yordam berishdek ezgu faoliyatning hayotiy ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. Uning hikoyalari bo‘lajak farmatsevt va shifokorlar uchun kasbiy mas’uliyat, insonparvarlik va bemorlarga mehr bilan munosabatda bo‘lish borasida muhim saboq bo‘ldi. Ijodkorlar, shuningdek, o‘z ijod namunalaridan o‘qib berib, talabalarga samimiy tilaklarini bildirdilar.
Tadbirning badiiy qismi talabalarning chiqishlari bilan yanada fayzli tus oldi. Ular tomonidan ijro etilgan
kuy-qo‘shiqlar,
raqslar hamda
ijodkorlar she’rlaridan o‘qilgan namunalar uchrashuvga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Samimiy muloqot va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan uchrashuv talabalarning ma’naviy dunyosini boyitish, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularda kasbga sadoqat, insoniylik va ezgulikka intilish tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
https://youtu.be/wVi0Q9sYR5Y