Besh yillik taraqqiyot va yuksak maqsadlar
Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot instituti tashkil topganiga 5 yil to'ldi.
Tarix uchun qisqa bo'lgan bu davr institutning shakllanishi, o'z o'quv va ilmiy salohiyatini yaratishi, zamonaviy ta'lim muhitini qaror toptirishi hamda Farmatsevtika sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan munosib ta'lim dargohi sifatida o'z o'rnini mustahkamlashida muhim bosqich bo'ldi.
Institut faoliyatining ilk kunlaridanoq oldiga aniq maqsad qo'ydi: zamonaviy bilim va amaliy ko'nikmalarga ega, kasbiga sadoqatli, ilmiy izlanishdan cho'chimaydigan, Farmatsevtika sohasining bugungi va ertangi talablariga javob bera oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash.
Bugun ana shu ezgu maqsadlarning amaliy natijalarini ko'rish mumkin. Ta'lim dargohi o'zining ilk bitiruvchilarini katta hayotga kuzatdi. Kechagi talabalar bugun Farmatsevtika va tibbiyot sohasining turli yo'nalishlarida o'z bilim va salohiyatini namoyon etmoqda.
Besh yil davomida institutning moddiy-texnik bazasi ham izchil rivojlandi. Yangi o'quv binosi va talabalar turar joyining barpo etilishi talabalar uchun yanada qulay ta'lim va yashash sharoitlarini yaratdi. Yildan-yilga talabalar safining kengayib borayotgani barobarida pedagoglar jamoasi ham tajribali va malakali mutaxassislar bilan boyib, ta'lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Institutda ta'lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga alohida e'tibor qaratiladi. O'quv laboratoriyalari bilan bir qatorda ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining mavjudligi talabalar va tadqiqotchilar uchun nazariy bilimni amaliy tajriba bilan uyg'unlashtirish imkonini bermoqda. Farma Park, simulyatsiya xonalari va boshqa zamonaviy o'quv maydonlari esa har yili yangi jihoz va texnologiyalar bilan takomillashtirib borilmoqda.
Institutning ilmiy salohiyatini oshirish va tadqiqot natijalarini keng ilmiy jamoatchilikka yetkazish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda institut tomonidan “Farmatsiya va farmakologiya” ilmiy jurnali chop etib kelinmoqda. Mazkur nashr Farmatsevtika, tibbiyot, biologiya va kimyo sohalaridagi dolzarb ilmiy izlanishlar, tadqiqot natijalari va ilmiy-amaliy yondashuvlarni yoritish uchun muhim maydon vazifasini bajarmoqda.
Jurnalning ilmiy nufuzi uning Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qarori (2023 yil 28 fevral, №333/5) bilan kimyo, biologiya, tibbiyot va Farmatsevtika fanlari bo'yicha dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar ro'yxatiga kiritilgani bilan ham belgilanadi.
Bu, o'z navbatida, institutda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish va olingan natijalarni xalqaro hamda milliy ilmiy makonda keng targ'ib etishga qaratilayotgan e'tiborning muhim ko'rsatkichidir.
Mavjud imkoniyatlarning eng muhim natijasi, avvalo, talabalarning yutuqlarida namoyon bo'lmoqda. Institut talabalari respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, tanlov va intellektual musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo'lga kiritmoqda. Bu yutuqlar nafaqat yoshlarning bilim va izlanishga bo'lgan intilishini, balki institutda ta'lim jarayoni samarali yo'lga qo'yilganining ham muhim ko'rsatkichidir.
Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot instituti uchun ta'lim va ilm-fan bir-biridan ayro tushunchalar emas. “Ta'lim tadqiqotga — tadqiqot taraqqiyotga yetaklaydi” degan tamoyil institut faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi. Shu bois bu yerda nafaqat mutaxassis tayyorlash, balki ilmiy izlanishlarga qiziquvchi, yangi g'oya va innovatsion yondashuvlarni ilgari sura oladigan yoshlarni tarbiyalashga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.
So'nggi yillarda institut tashabbusi bilan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy tadbirlarning tashkil etilishi ham bu yo'nalishdagi ishlarning izchil davom etayotganidan dalolat beradi. Bunday tadbirlar olimlar, professor-o'qituvchilar, soha mutaxassislari va yosh tadqiqotchilar o'rtasida tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va yangi ilmiy hamkorliklarga yo'l ochmoqda.
Besh yillik faoliyat davomida institut o'nlab xorijiy hamkorlar bilan memorandum va kelishuvlarni imzolab, xalqaro aloqalarini ham kengaytirdi. Bu hamkorliklar doirasida talabalarimiz qardosh respublikalardagi tibbiyot va Farmatsevtika oliy ta'lim muassasalari bilan bir qatorda Xitoy va Turkiya kabi davlatlardagi nufuzli ta'lim maskanlarida amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.
Zero, zamonaviy mutaxassis uchun faqat auditoriyada olgan bilimning o'zi kifoya emas. U dunyo tajribasini o'rganishi, zamonaviy texnologiyalarni o'zlashtirishi, turli ta'lim va ilmiy muhitlarda o'zini sinab ko'rishi kerak. Institutning xalqaro hamkorliklari aynan shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Bugun Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot instituti 5 yillik taraqqiyot yo'lini sarhisob qilar ekan, bu davrni shunchaki o'tgan yillar emas, balki katta maqsadlar sari tashlangan mustahkam qadamlar davri sifatida baholash mumkin.
Albatta, 5 yil — taraqqiyot yo'lining yakuni emas. Aksincha, bu yangi marralar oldidan o'ziga xos sarhisob, erishilgan natijalardan kuch olib, yanada yuksak maqsadlar sari intilish uchun muhim bosqichdir.
Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot instituti jamoasini ushbu qutlug' sana — institutning 5 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz!
Institutning ilmiy va ta'limiy salohiyati yanada yuksalsin, talaba va professor-o'qituvchilarning yangi-yangi yutuqlari ko'paysin. Farmatsevtika sohasi uchun bilimli, salohiyatli va vatanparvar mutaxassislar tayyorlashdek ezgu maqsad yo'lidagi barcha tashabbuslar samarali natijalar bersin.
Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot institutiga mustahkam poydevor, yuksak parvozlar va yanada katta yutuqlar tilaymiz!
Besh yillik — birinchi katta qadam. Oldinda esa yanada ulug' maqsadlar va yangi marralar!