Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti Xitoy Farmatsevtika universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda
Bugun Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida China Pharmaceutical University vakillari bilan ZOOM platformasi orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Xitoy Farmatsevtika universiteti (XFU) xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Chen Zhang xonim bilan o‘tgan onlayn muloqotda FTTIdan institut rektori Aziz Do‘smatov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shaxnoza Umarova, professor Xikmatulla Zaynutdinov, Malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi direktori Shohista Fehruzovna hamda institut o‘qituvchilari qatnashdilar.
Muloqot avvalida so‘z olgan FTTI instituti rektori A. Do‘smatov Xitoy tomoniga avvalo hamkorlik qilish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, institut jamoasi universitet bilan xalqaro miqyosda talabalar almashish, malaka oshirish, tadqiqotlar olib borish, yangi dori vositalarini yaratish borasida hamkorlik qilish istagida ekanligini aytdi.
So‘ngra FTTI instituti haqida batafsil ma’lumot berish maqsadida, xitoylik hamkorlarga maxsus video rolik namoyish etildi. O‘z navbatida, Xitoylik vakillar ham XFU faoliyati va imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berishdi.
Xitoy xalq Respublikasining China Pharmaceutical University haqida qisqacha malumot:
Xitoy davlat farmatsevtika universiteti (China Pharmaceutical University) Xitoyning sobiq poytaxti Nankin shahrida joylashgan. Nankin - mamlakatning sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida u ham qadimiy, ham zamonaviy shahar hisoblanadi. Nankin shanxay va Pekin shaharlarining o‘rtasida joylashgan. Go‘zal tabiatga va to‘rt faslga ega.
1936 yilda tashkil etilgan ushbu oliy o‘quv yurti mamlakatning hamda dunyoning yuqori reytingga ega nufuzli oliy o‘quv yurtlari ro‘yxatidan o‘rin olgan va “QS world university rankings” bo‘yicha dunyoning 1000 talik ro‘yihatiga kiritilgan.
2017 yildan bugungi kunga qadar Farmakologiya va toksikologiya, Farmasevtik kimyo, Klinik tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha Xitoy Respublikasidagi boshqa oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Universitet ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha dunyo miqyosida 22-34 gacha bo‘lgan o‘rinlarni egallagan. Xalqaro hamqorlikda universitetning ikki yo‘nalishi: “Farmatsiya” va “Klinik farmatsiya” eng ko‘p talabga ega yo‘nalishlari hisoblanadi. Oliy o‘quv yurtida farmatsiyaning turli jabhalarini qamrab oluvchi yo‘nalishlar bilan bir qatorda “Xitoy xalq tabobati” mutaxassisligi bo‘yicha ham ta’lim beriladi. XFU davlat oliy o‘quv yurti bo‘lib, AQSh, Yevropa va 60 dan ortiq davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Universitetning intiluvchan va faol talabalari davlat tomonidan ta’sis etilgan “Prezident stipendiyasi”, “Buyuk ipak yo‘li” stipendiyasi, “Nankin shahar stipendiyasi” kabi talabalarni rag‘batlantiruvchi qator stipendiyalarga ega bo‘lishlari mumkin.
Muloqot davomida (XFU) xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Chen Zhang xonim universitetda bakalavriatura, magistratura, doktor hamda 1oydan 6 oygacha bo‘lgan qo‘shimcha malaka oshirish bo‘yicha ta’lim olishning 40 ga yaqin ta’lim dasturi bo‘yicha hamkorlik aloqalari taklif etildi.
Qizg‘in o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish yo‘nalishlari, faoliyatining asosiy qirralari, teng manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish, istiqbolda o‘zaro imkoniyatlarni uyg‘unlashtirgan holda yuqori natijalarga erishish borasida atroflicha fikr almashishdi. FTTI rahbariyati dastlab institutda 1-6 oylik malaka oshirish dasturlari bo‘yicha hamkorlikni boshlashini, kelgusida esa bakalavr va magistratura ta’lim yo‘nalishlarida aloqalarni davom ettirishini bildirdi. Tomonlar bakalavrni 2 yil O‘zbekistonda, 2 yil Xitoyda tahsil olish sistemasini yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar olib borishdi. Erishilgan kelishuvlar ikki tomon uchun ham birdek ahamiyatli va manfaatliligi bir ovozdan e’tirof etildi.
Suhbat yakunida Xitoy Farmatsevtika universiteti va Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti o‘rtasida yaqin vaqt ichida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldilar.