"Talabalar bahori - 2025"
Bahor uyg‘onish, yangilanish fasli. Borliq yashillikka burkangan sari diydor ko‘rishish niyatida xalq sayllari tashkil etish, dildan shukrona aytib, bahorni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar kuylagin, raqsga tushgin keladi.
Bu kabi bayram tantanalari do‘stlik rishtalarini bog‘laydi. Kishilarni yanada bir-biriga qadrli qiladi.
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida an’anaga muvofiq bu yil ham “Qadring baland bo‘lsin Navro‘zim!” shiori ostida "Talabalik bahori - 2025" sayli tashkil etildi.
Institut hududi bayramona bezatilib, dasturxonlar tuzatildi. Ahil jamoaning barcha a’zolari, talabalar milliy liboslarimizni ko‘z-ko‘z qilib bayram kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik baxsh etishmoqda.
Doshqozonda o‘zbegimning milliy taomi osh-palov atrofga shirin is taratib damlanib turibdi. Hademay, mohir oshpazlarimiz guruchlarini oltindek tovlantirib mehmonlarga tortiq etadilar.
Bayramga talabalar katta tayyorgarlik ko‘rishgan. 12 ta viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikalari uchun alohida dasturxon bezalib, har bir viloyatga xos taomlar tortilgan.
Bayramda yangrayotgan kuy va qo‘shiqlarni aytmaysizmi... Bir tomonda nikoh to‘yi sahnalariga tayyorgarlik ko‘rishsa, bir tomonda beshik to‘yi..
Qashqadaryoning baxshisi-yu karnay-surnaychisi ham, Andijonning raqqosi ham bugun bizda mehmon.
Kutilmaganda xalqimizning sevimli san’atkori Ravshan Komilov ham tashrif buyurib qoldi. “Ozodani sevaman men, Ozodani” deya dil izhorlarini boshlab yubordilar.
Sho‘xchan taronalar davraga yig‘ilgan barchani raqsga tushirib yubordi.
Davramizga yurtimizning turli manzillarida iqtidorli o‘quvchilarga aynan tibbiyot yo‘nalishida ta’lim berib, yurtimizga ilmli yoshlarni tarbiyalab berayotgan o‘quv markazlari rahbarlari ham tashrif buyurishdi.
Xullas, bayram bayramdek o'tdi.