FARMATSEVTIKA TA’LIM VA TADQIQOT INSTITUTI HINDISTON UNIVERSITETLARI BILAN HAMKORLIK ALOQALARINI YO’LGA QO’YMOQDA

Hindiston poytaxti Dehli shahrida 17-19 noyabr kunlari “FICCI Higher education summit-2022” oliy ta’lim muassasalariaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro forum bo’lib o’tdi. Unda Hindiston Oliy ta’lim vaziri, FICCI tashkiloti mas’ullari, Hindiston va xorijiy universitetlarning rektorlari hamda deligatsiyalari ishtirok etdilar. Forum doirasida Hindiston universitetlari, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bugungi kundagi faoliyati bo’yicha tashkil etilgan ko’rgazmada O’zbekiston vakillari ham qatnashdilar. Jumladan, Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti Farmatsevtikada boshqaruv va iqtisodiyot kafedrasi o’qituvchisi S.A.Alimova Hindiston farmatsevtikaga ixtisoslashgan universitetlar faoliyati bilan tanishdi.Hindistonga safar davomida S.A.Alimova Dehlidagi Jamia Hamdard universiteti rektori prof. Mohammad Afshar Alam, universitetning xalqaro aloqa bo’yicha mas’ullari va farmatsevtika yo’nalishi olimlari huzurida Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti haqida taqdimot qildi va institut rahbariyatining hamkorlik aloqalari yo’lga qo’yish bo’yicha takliflarini yetkazdi. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, Jamia Hamdard universiteti Hindistonda farmatsevtika sohasidagi universitetlar reytingining 2022-yil ko’rsatkichlariga ko’ra 1-o’rinni, xalqaro THE reytingida 601-800 o’rinni egallaydi.

S.A.Alimova universitetning Farmatsevtika, Farmatsevtik kimyo, Farmakognoziya va fitokimyo hamda Farmakologiya kafedralari faoliyati, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini bilan tanishib, professor-o’qituvchilar bilan muloqot qildi. Hindistonning nufuzli Jamia Hamdard universiteti FTTIning tashabbuslarini qo’llab quvvatlab, institut bilan o’quv va ilmiy yo’nalishlarda hamkorlik olib borishga kelishib olindi.