FTTI Yevropani zabt etmoqda
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti tashkil topganiga 4 yil bo‘lgan bo‘lsada, nufuzi yil sayin oshib bormoqda.
Shu kungacha Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy davlatlaridagi oliy ta’lim muaasasalari bilan hamkorlik memorandumlari asosida professor-o‘qituvchilar, talabalar mobil almashinuvi, qo‘shma loyihalar va ilmiy izlanishlar, seminar va akademik uchrashuvlarda ishtirok etish, o‘quv dasturlari bilan almashish amaliyoti qo‘llanib kelinmoqda.
Bugundan hamkorlarimiz safi yanada bittaga ko‘paydi.
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti ma’muriyati hamda Italiyaning Sardiniya orolida joylashgan Kalyari Universiteti professorlari bilan ZOOM platformasi orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvni FTTI ta’sischisi A.N.Yunusxo‘jaev ochib berdi va ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik rishtalari o‘rnatilayotganidan mamnun ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, FTTI faoliyati haqidagi videorolik italiyaliklar e’tiboriga havola etildi.
Kalyari Universiteti xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori professor Alessandru Karuchchi institutimiz haqidagi ma’lumotlar unga ma’qul bo‘lgani, biz haqimizdagi tasavvuri kengayganini aytib o‘tdi va Kalyari Universiteti haqida tayyorlangan taqdimot bilan tanishtirdi.
Onlayn uchrashuv davomida ikki mavzu yuzasidan suhbatlashildi.
Birinchisi ilmiy yo‘nalish bo‘lib, professor A.N.Yunusxo‘jaev institut ilmiy jamoasi ilmiy izlanish olib borayotgan yangi tadqiqot: “Eksperimental Alsgeymer kasalligini davolash uchun kapsulalar texnologiyasini ishlab chiqish va ularning farmakologik tadqiqotlarini o‘tkazish” mavzusidagi loyiha bilan qisqacha tanishtirdi.
O‘z navbatida italiyalik olim professor Giovanni Marini o‘zi tadqiqot olib borayotgan “Development of capsule technology and pharmacological studies for the treatment of experimental Alzheimer's disease” loyihasi haqida taqdimot qildi.