YAXSHILARNING YAXSHISI!
“Yaxshilarning yaxshisi bo‘lmoq uchun jaziramada soya, qahratonda bir o‘choq olov bo‘lishing kerak. Chumolini bosmay o‘tishing, qushlarga uvoq tutishing, tog‘ning uvvillashini, yomg‘irning shivirini eshitishing kerak.
Dardmand oldida o‘zingning dardingni unutishing, baxtlilar oldida undan-da baxtiroq, chorasizga chora, yupinga chopon bo‘lishing kerak.” (Farida Afro‘z)
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutiga ana shu ta’riflarga loyiq, o‘z ijod mahsuli bilan minglab ko‘ngillarga yaxshilik olib kira olgan shoira - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Farida Afro‘z, shoir va yozuvchi -O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Istiqlol tonggi” mukofoti sovrindori, Turon Fanlar akademiyasi akademigi Muhammad Ismoil, yosh bo‘lishiga qaramay adabiyot olamida o‘z o‘rnini topishga ulgurgan yozuvchi - „Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti laureati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Javlon Jovliev tashrif buyurdi.
Yurtimizning barcha oliy ta’lim maskanlarida o‘tkazilayotgan “Ma’rifat ulashib” tadbiri Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida ham davom etdi.
Ertalabdan institutga tashrif buyurgan mehmonlarni institut jamoasi hamda talabalar iliq qarshi oldi.
Mehmonlar institut o‘quv binosidagi laboratoriyalar, ma’ruza xonalarni aylanishdi, mavjud sharoitlar bilan tanishishdi.
Shundan so‘ng adiblarimiz bilan suhbatlashishga intiq bo‘lib turgan talabalar bilan davra suhbati tashkil etildi.
Talabalar shoirlarimiz qalamlariga mansub she’rlardan yod olishdi. Ular haqida tayyorlagan taqdimotlarini namoyish etishdi.
Mehmonlarimiz ham yoshlarga yetkazish uchun dillarida tugib yurgan o‘gitlarni aytishdi, o‘zlarining bolalik, yoshlik davrlarini eslashdi.
Tadbir doirasida shoir va yozuvchi -O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Istiqlol tonggi” mukofoti sovrindori, Turon Fanlar akademiyasi akademigi Muhammad Ismoil, Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot institutining yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori Ismoilov Kamoliddin Qurultoyevich “Uvaysiy” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, Yunusobod tumanidagi 258–umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan ham uchrashishdi.
Maktab jamoasi ham mehmonlar tashrifi uchun tayyorlangan dasturni namoyish etdi.
Muhammad Ismoil yig‘ilganlarni avvalo O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi bilan qutladi.
Tilimizning boyligi, uning uzoq tarixga ega ekanligi haqida qiziqarli ma’lumotlarni keltirdi.
Tadbir yakunida Muhammad Ismoil faol ishtirokchilarga o‘z kitoblaridan sovg‘a qildi.
“Yashil makon” loyihasida adiblarimiz Farida Afro‘z, Muhammad Ismoil “Yaxshidan bog‘ qoladi” naqliga amal qilib, institut hovlisiga ko‘chat o‘tkazishdi.
“Ma’rifat ulashib” loyihasining birinchi mavsumida tashrif buyurgan mehmonlarimiz To‘lqin Hayit, Oydinniso Yo‘ldosheva va Safar Olloyordan esdalik bo‘lib bo‘y cho‘zayotgan lola daraxti yonida doimiy yashillik timsoli archa joy oldi.
Yaxshilar bilan har qancha suhbatlashsang oz. Aynan shu sabab ham institut talabalari va adabiyotga ishtiyoqi baland pedagoglarimiz tushdan so‘ng institut axborot resurs markaziga jam bo‘lishdi.
O‘zbek adabiyotiga yorqin yulduz kabi chaqnab kirib kelgan, asarlari katta shov-shuvga sabab bo‘lgan yosh iste’dodli yozuvchi, “Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti laureati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Javlon Jovliev bilan qiziqarli davra suhbati tashkil etildi.
Javlon Jovliev o‘z ijodi, bolalik xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Yozuvchilikka havas uyg‘otgan voqeyliklarni esladi.
Uchrashuvda ishtirok etayotgan pedagoglar, talabalar yozuvchiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Faol talabalar yozuvchining “Qo‘rqma” asaridan kichik sahna ko‘rinishi namoyish etishdi.