“Zamonaviy farmatsevtika sohasi rivojlanishining dolzarb masalalari va tendensiyalari” deb nomlangan II xalqaro ilmiy-amaliy anjumani
Joriy yilning 17-18-oktyabr kunlari Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida “Zamonaviy farmatsevtika sohasi rivojlanishining dolzarb masalalari va tendensiyalari” deb nomlangan II xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ahamiyatli jihati, ushbu xalqaro anjuman farmatsiyaning rivojlanishi uchun nihoyatda dolzarb masalalarni qamrab olib, sohadagi yechimini kutayotgan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat olib bordi.
Anjumanda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘izsiton, Rossiya, Ukraina , Koreya, Gresiya, Eron davlatlaridan tadqiqotchi olimlar, dorishunos mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiya tadqiqotchilar, mustaqil izlanuvchilar va ularning ilmiy rahbarlari, respublika oliy ta’lim muassasalari va ularning xorijiy hamkor universitetlari hamda farmatsevtik tashkilotlar va ishlab chiqarish korxonalari vakillari o‘rtasida ilmiy muloqot, bilim va tajriba almashish, shuningdek sohaning so‘nggi ilmiy yutuqlarini namoyish etish imkoniyatini beruvchi o‘zga xos platforma bo‘lib hisoblanadi.
“Zamonaviy farmatsevtika sohasi rivojlanishining dolzarb masalalari va tendensiyalari” deb nomlangan II xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti rektori Dusmatov Aziz Fayzamatovich tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Shundan so‘ng, O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim, fan va innovatsiyalar vazir o`rinbosari Maxkamov Otabek Muxtarovich hamda O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Alimov Anvar Valiyevich ham konferensiya ishtirokchilarini tabriklab, anjuman oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshishini tilab qolishdi.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng faollar zalida plenar ma’ruzalar tinglandi.
Anjumanga yurtimizda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtik kompaniyalar vakillari ham taklif etildi. Anjuman doirasida institutimiz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan “STM Holding” farmastevtik kompaniyasi direktori Sh.S. Po‘latova hamda «TABLETKA PHARMA LINE» MChJ direktori N. Madalieva bilan muzokara olib borildi.
Har ikki tashkilot rahbarlari institutimiz faoliyati haqida iliq fikr bildirdilar.
Anjumanning yopilish marosimida har ikki kompaniya bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra talabalarimiz tanishuv va o‘quv amaliyotlarini ushbu tashkilotlarda o‘tish imkoniga ega bo‘ladilar.
Konferensiya ishtirokchilari sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z ixtirolari tahlili jamlangan ma’ruzalarni sho‘ba raisi, kotibi, ilmiy maslahatchilar hamda qatnashchilarga taqdim etishdi.
Sho‘balar:
- FARMATSEVTIKANI TARTIBGA SOLISHNING TASHKILIY, IQTISODIY, MARKETING, FARMAKOIQTISODIY, HUQUQIY VA AXBOROT JIHATLARI
- BIOLOGIK FAOL BIRIKMALAR SINTEZI. DORI VOSITALARINI STANDARTLASHTIRISH VA SERTIFIKATLASHTIRISH
- DORIVOR O'SIMLIKLAR: FARMAKOGNOSTIK VA FITOKIMYOVIY TADQIQOTLAR. FITOPREPARATLARINI ISHLAB CHIQARISH
- DORI VOSITALARINING FARMATSEVTIK TEXNOLOGIYASI VA SANOAT MIQYOSIDA ISHLAB CHIQARILISHI
- FARMAKOLOGIYA, KLINIK FARMAKOLOGIYA VA FARMAKOTERAPIYANING ZAMONAVIY MUAMMOLARI
- FARMATSEVTIK TA’LIM ISLOHOTLARI: TAJRIBA, MUAMMO VA ISTIQBOLLARI
Anjumanda ma’ruzachilar bevosita hamda onlayn ishtirok etishdi.
18-oktabr kuni “Zamonaviy farmatsevtika sohasi rivojlanishining dolzarb masalalari va tendensiyalari” deb nomlangan II xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari ulashildi hamda sertifikat taqdim etildi.