“Ma’rifat ulashib” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari talabalarini kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida bugun Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalqaro Chingiz Aytmatov mukofoti sohibi To‘lqin Hayit, O‘zbekiston milliy axborot agentligi yetakchi muharriri – shoira Oydinniso Yo‘ldosheva, shoir va jurnalist Safar Olloyor bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil qilindi.
Muloqotlarda yoshlar qalbida adabiyotga mehr-muhabbatni yanada kuchaytirish, yangi ijodkorlarni kashf qilish va qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni targ‘ib qilish, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish muhim masala ekanligi aytib o‘tildi. Shu bilan birga, yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi, dunyoqarashining kengaytirishda milliy ma’naviyat va mafkuraning ahamiyati yuqori ekanligi qayd etildi.
Qizg‘in va samimiy suhbatlar go‘zal mushoiralarga ulanib, talabalar va o‘quvchilar sevimli ijodkorlarning eng sara she’rlaridan namunalar o‘qidilar. O‘z navbatida tadbir mehmonlari ham yosh iste’dodlarning ijodidan bahramand bo‘lishdi. Faol yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi. Ta’kidlash lozim, o‘tkazilgan ijodiy kechalar yoshlarga o‘zgacha ruh, kayfiyat, ilhom bag‘ishlanganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.