Белгия билан ҳамкорлик
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sh.F. Iskandarova hamda magistratura bo‘limi boshlig‘i N.M.Sultanbaeva Innovatsion rivojlanish Agentligi tashabbusi hamda Belgiya Ta’lim kengashi bilan hamkorlikda joriy yilning 20-25 noyabr kunlari Belgiyaning Brussel shahrida tashkil etilgan “Oliy ta’limda Bilimlarni tijoratlashtirish hamda universitetlarda tadbirkorlik muhitini yaratish Yevropa tajribasi asosida” mavzusidagi seminar treningda ishtirok etishdi.
Ushbu seminar treningda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarining rektor, prorektor va mas’ul xodimlari ham qatnashdilar.
Dasturning uchinchi kuni doirasida O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasida xorijiy kompaniyalar, ommaviy axborot vakillari ishtirokida O’zbekiston oliy ta’lim muassasalarining taqdimotlari tashkil etildi.
Shu jumladan, Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sh.F. Iskandarova ham institut faoliyati, ta’lim jarayonilari, ilmiy salohiyati haqidagi taqdimotni namoyish etdi.
Belgiya ta’lim kengashi bilan mamlakatimizning 15 dan ortiq universitetlari, shu jumladan Farmatsevtika ta'lim va tadqiqot instituti o‘rtasida istiqbolli vazifalarni amalga oshirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Seminar-trening yakunida Belgiya ta’lim kengashi tomonidan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.