Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti faoliyatiga xorijlik mutaxassislarning qiziqishi tobora ortib bormoqda.
Kuni kecha institutdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishish maqsadida Hindistonning “National heart institute” vakillari doktor Anand Kumar Tripati hamda Toshkentdagi xususiy tibbiyot texnikumi ta’sischisi Rustam Ibrohimovich Nishonov boshchiligida tashrif buyurishti.
Delegatsiya a’zolarini institutning o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori Shahnoza Zoitovna Umarova va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Kamoliddin Quriltoevich Ismoilov kutib oldi va institutdagi shart-sharoitlar, o‘quv hamda ilmiy laboratoriya, vivariy bilan tanishtirdi.
Bo‘lajak farmasevtlar uchun mavjud sharoitlar mehmonlarda yaxshi taasurot qoldirdi.
“Tashrifimizdan maqsad, - deydi doktor Anand Kumar Tripati,- institutlarimiz o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatish.”
Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-pedagogik faoliyatni olib borish, kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotganlarning ilmiy salohiyatini oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarni almashish yo‘li bilan ularning tajriba va ko‘nikmalarini oshirish, ilmiy-nazariy anjumanlar, ilmiy debatlarni hamkorlikda tashkil etish, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash va boshqa sohalar bo‘yicha kelgusida bajariladigan ishlar kelishib olindi.