Ochiq eshiklar kuni
Hozirgi kunda yoshlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biri oʻz imkoniyatlari, qiziqishlari, qobiliyatlariga mos kasbni tanlashdir. Kasb tanlash – har bir inson hayotidagi eng muhim tanlovlardan biri. Kasb – nafaqat daromad topish manbayi, balki umrning asosiy qismi sarflanadigan faoliyat hamdir.
Aynan shu bois, avvalo ota-ona, so‘ngra pedagoglar o‘sib kelayotgan yosh avlodni to‘g‘ri yo‘naltira olishlari muhim.
O‘smirlarga qanday kasblar borligi borasida nafaqat so‘zlab, bakli bevosita shu kasb egalari bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali ham to‘g‘ri yo‘nalish bera olish mumkin.
Aynan shu maqsadda, kuni kecha Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan Farmaеsevtika ta’lim va tadqiqot institutiga Shayxontohur tumanidagi tibbiy fanlarga ixtisoslashgan maktabning bir necha o‘quvchilari o‘qituvchilari boshchiligida tashrif buyurishdi.
Bizning jamoaga bunday iqtidorli, ko‘zlari chaqnab turgan o‘quvchilarni kutib olish quvonarli. Ularni institutning 1-prorektori, professor Umarova Shaxnoz Ziyatovna iliq qarshi oldilar, hamda bilim olish uchun mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berdilar. Shundan so‘ng, kimyo fanlari nomzodi, “Noorganik, fizik-kolloid kimyo kafedrasi mudiri Dusmatova Anzirat Jumaboevna kafedra faoliyati, o‘qitiladigan fanlar haqida so‘zlab, laboratoriyada assistentlar yordamida tajriba amaliyotini ham ko‘rsatishdi.
“Tibbiy va biologik fanlar” kafedrasi mudiri biologiya fanlari nomzodi Rasulova Vasila Botirovna ham mehmonlarimizni o‘z kafedralari bilan tanishtirdilar. O‘quvchilar dars jarayonlarida ham ishtirok etdi. Biologiya fanlari nomzodi Jo‘raeva Aziza Abdunazarovna tibbiy mulyajlarda yurakning tuzilishi va funksiyalari mavzusida kichik ma’ruza o‘qib berdi va albatta o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Ilm olamiga sayyohatni mehmonlarimiz institut axborot resurslari markazida davom ettirishdi. Axborot-resurs markazi boshlig‘i Yunusxodjaeva Nargiza Xayatullaxadjaevna kutubxonadagi darsliklar, sohaga oid risolalar va badiy kitoblar bilan tanishtirdi.
Institut tashkil etilganiga ko'p bo'lmagan bo'lsada, o'zining kichik tarixiga ega. Ana shu tarix rangli tasvirlarga muhrlangan. Har bir mehmonimiz uchun shu kichik ko'rgazmani qiziqish bilan tomosha qilishadi.
Ishonamizki, institut faoliyati, undagi sharoitlar bilan tanishgan ushbu o‘quvchilar uchun sayohat mazmunli va esda qolarli bo‘ldi. Va albatta kasb tanlashlarida bugungi olgan bilimlari as qotadi.
Farmaеsevtika ta’lim va tadqiqot
instituti matbuot xizmati