Kiberfiribgarlar nayrangiga aldanib qolmang!

 

Butun jahon “o‘rgimchak tarmog‘i”-internet jadal rivojlanishi jamiyat uchun minglab qulayliklar hosil qilishi barobarida, firibgarlar qo‘lida jinoyat quroliga ham aylanib ulgurdi. Sir emas, butun yer yuzi aholisi aynan kiberjinoyatchilar tuzog‘iga tushib qolmoqda.

Shaxsiy kartalardan pul yechib olish, begona kishilar nomiga bank kreditlari rasmiylashtirish, turli pullik o‘yinlarga qaramlik hosil qilish orqali, qarzga botirib qo‘yish. Bu kiberjinoyatchilikning eng oddiy jinoyatlaridan bo‘lib qoldi.

Xo‘sh, jinoyatchilarning qabih rejalaridan qutulib qolish mumkinmi? Biz o‘zimizni qanday himoya qila olamiz?

Shu va shu kabi savollarga javob berish, yoshlarni kiberjinoyatchilardan himoya qilish maqsadida "Cyber 10 Day" kompleks targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Ana shu tadbir doirasida Ichki Ishlar vazirligining kiberxavfsizlik markazi mutaxassisi D. Seytmuratov Farmasevtika ta’lim va tadqiqot institut talabalari bilan uchrashib, kiberjinoyatchilikning ayanchli oqibatlari haqida hayotiy voqelardan misol keltirdi. O‘z shaxsiy ma’lumotlarni begonalarga berish, shaxsiy buyumlar: plastik karta, qo‘l telefoni, planshet va kompyuterlarni qarovsiz qoldirish kiberfiribgarlar tuzog‘iga ilinishning eng oson yo‘li ekanligi haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish kompleks targ‘ibot tadbirlari doirasida o‘tkazilayotgan “Eng yaxshi kontent” , “Eng yaxshi monolog”,  “Eng yaxshi insho" ,  “Eng yaxshi she’r" ,   “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman”, "Internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanaman”, “Eng yaxshi mahalla” tanlovlarida faol ishtirok etishga undadi. 

Tadbir so‘ngida talabalar mutaxassisga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

 

Farmasevtika ta’lim va tadqiqot instituti
matbuot xizmati