Dunyoqarashi keng sog‘lom avlodni tarbiyalash muhim vazifa

Farmasevtika ta’lim va tadqiqot institutida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarining tarqalishiga qarshi kurash” va Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni to‘g‘ri tashkil etish” mavzularida tadbir o‘tkazildi.

Yig‘ilishda rektor maslahatchisi Zuhriddin Obilov,  Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Kamoladdin Ismoilov, Yunusobod tumani IIB ma’sul xodimi Jamoliddin Babaev, Yunusobod tuman adliya bo‘limi xodimi Sarvar Savriddinov ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish – qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ushbu jarayonda esa huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda so‘z olgan Yunusobod tuman adliya bo‘limi xodimi Sarvar Savriddinov har bir sohada qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, qabul qilinish zaruratini keng jamoatchilikka yetkazishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bunda ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish bilan bog‘liq jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, yig‘ilish giyohvandlik vositalarining tarqalishiga qarshi kurash mavzusida davom etdi. Tadbirda Yunusobod tumani IIB ma’sul xodimi Jamoliddin Babaev so‘zga chiqib, giyohvandlik asr vabosi, inson tafakkuri kushandasi ekanligini, shu bois giyohvand moddalarni yetishtirish, sotish, tashish va saqlashning oldini olishga barcha o‘z hissasini qo‘shishi lozimligini ta’kidladi.

Keyingi paytlarda yoshlar o‘rtasida psixotrop moddalar savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanayotgan va bu og‘uli moddalarni iste’mol qilib, gulday hayotini, oilasini barbod qilayotganlar haqida aniq ma’lumotlar berildi. Eng yomoni, bu dorilarni yosh yigit-qizlarga aldab sotib, ularni giyohvandlik ko‘chasiga kirishlariga harakat qilinayotgani afsus bilan qayd etildi.

Darhaqiqat, bugungi kunda giyohvandlik XXI asrning global muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Sog‘lom turmush tarzini olib borayotgan kishi bilib-bilmay bu ko‘chaga kirib qolsa, o‘zining tinch, farovon va baxtli hayotini qora zulmatga aylantirishi ayni haqiqat. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yo‘liqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda. Buning oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumadi. Shu bilan birga, jahonda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan yoshlarni ba’zi nafsini quliga aylanganlar aldov yo‘li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirishmoqda. Qanchadan-qancha oilalarning yostig‘ini quritayotgan giyohvandlikka qarshi har bir inson o‘zi kurashmog‘i, tashqi ta’sirlardan himoyalanmog‘i lozim. 

Uchrashuvda ayni shu jihatlar haqida atroflicha fikr almashildi. Tadbir so‘nggida ishtirokchilar ma’ruzachilardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Suhbat so‘nggida "Giyohvandlikka qarshi hujjatli film" namoyish etildi.